So‘nggi kunlarda Moldova poytaxtida avj olgan hukumatga qarshi namoyishlar Kremlga sodiq mahalliy “Sho‘r” partiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan Rossiya rejasining bir qismidir. Namoyishlarning pirovard maqsadi mamlakatning qonuniy hukumatini ag‘darish. Bu haqda Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi koordinatori Jon Kirbi ma’lum qildi, deb yozmoqda CNN.
“Moldova Yevropaga integratsiyalashishda davom etayotgan paytda, Rossiya hukumatni zaiflashtirishga harakat qilmoqda”, — dedi u.
Kirbining qayd etishicha, Rossiya Moldovada yangi norozilik namoyishlarini rejalashtirmoqda.
“Ularning maqsadi tinch aholi va politsiya o‘rtasida sunʼiy ravishda to‘qnashuvlarni keltirib chiqarish va davlat to‘ntarishiga zamin yaratish”, — deya tushuntirdi Kirbi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, amaldagi qonuniy hukumat o‘rniga Kreml Moldova tepasiga rossiyaparast hukumatni qo‘ymoqchi.
AQSH prezidenti Jo Bayden ma’muriyati, shuningdek, Moskva Moldovadagi beqarorlik haqida dezinformatsiya tarqatish ustida ishlayapti, degan fikrda. Misol sifatida ular Rossiya Mudofaa vazirligining Ukraina Dnestrbo‘yini bosib olishni rejalashtirayotgani haqidagi bayonotini keltirdi.
Kirbining aytishicha, AQSH Rossiyaning Moldova bo‘yicha rejalari bilan bog‘liq mavjud razvedka ma’lumotlarini oshkor qilishni rejalashtirmoqda. Shu tariqa Vashington Rossiyani bu yo‘nalishda yanada kuchayishidan tiymoqchi.
Bayden maʼmuriyati rasmiysi Qo‘shma Shtatlar Moldova hukumatini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini aytdi.
Izoh (0)