AQSH prezidenti Donald Tramp 8-avgust kuni Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan Vashingtondagi Oq uyda uchrashuv o‘tkazadi. Bu haqda manbalarga tayanib, The Washington Post xabar berdi.

Uchrashuv natijasida bir necha yillardan beri ziddiyatda bo‘lgan Ozarbayjon va Armaniston tinchlik kelishuviga erishishi kutilmoqda. Pashinyan 7-8 avgust kunlari Vashingtonga tashrif buyurishi tasdiqlangan. Armaniston hukumatiga ko‘ra, vazir “mintaqada tinchlik, farovonlik va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun” Tramp va Aliyev bilan uch tomonlama uchrashuv o‘tkazadi.
Armaniston va Ozarbayjon 2023-yildan beri tinchlik shartnomasini tuzishga harakat qilmoqda. Bu Bokuning Tog‘li Qorabog‘ hududini o‘z nazoratiga olganidan keyin boshlangan. 2025-yil mart oyida tomonlar tinchlik kelishuvi loyihasini kelishib olgandi. Iyul oyida Ozarbayjon va Armaniston yetakchilari BAAda tinchlik muzokaralarini o‘tkazgan. Biroq o‘shanda hech qanday qaror e’lon qilinmagandi. Bungacha ikki yetakchi faqat vositachilar ishtirokida yoki xalqaro sammitlarda uchrashgan.
Armaniston va Ozarbayjon mart oyida tinchlik shartnomasining loyihasini kelishib olgan, bahorda chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish, uchinchi davlat harbiylarini joylashtirmaslik, xalqaro sud ishlarini bekor qilish kabi masalalarni muhokama qilgan; tomonlar kelishuv imzolanishidan oldin mavjud da’volarni ko‘tarmaslikni ham ma’qullagan.
Izoh (0)