Shavkat Mirziyoyev 4—5-avgust kunlari amaliy tashrif bilan Turkmanistonda bo‘lgandi. Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, tashrif yakunlangach, davlat rahabarini aeroportda Gurbanguli Berdimuhamedov kuzatib qo‘ydi.

“Tashrifning yana bir ta’sirli lahzasi Arqadag‘ Turkmanistonda shakllangan protokol tartib-qoidalaridan chetga chiqib, Prezidentimizni aeroportda shaxsan kuzatib qo‘ygani bo‘ldi. Bu o‘zaro hurmatga asoslangan samimiy va do‘stona munosabatlarning, xalqlarimiz o‘rtasidagi chinakam qardoshlik rishtalarining bebaho namunasidir”, deb yozdi Sherzod Asadov.
Uning qayd etishicha, Shavkat Mirziyoyevning BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasida ishtirok etish uchun Kaspiy bo‘yidagi Avazaga amaliy tashrifi O‘zbekiston—Turkmaniston munosabatlarining o‘ziga xosligini yana bir bor tasdiqladi.
-WYlKOXXN.avif)
2017-yil mart oyida Shavkat Mirziyoyev ilk davlat tashrifini Turkmanistonga amalga oshirgani bejiz emas. O‘tgan yillar mobaynida davlatimiz rahbari, Turkman xalqining milliy yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovning sa’y-harakatlari tufayli ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar butunlay yangi darajaga ko‘tarildi.
“Bugun O‘zbekiston va Turkmaniston Markaziy Osiyoda chinakam yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlikning yorqin namunasidir”, deydi Sherzod Asadov.
Uning ta’kidlashicha, BMT konferensiyasi doirasida prezident Turkmanistonning “Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ordeni bilan taqdirlangani ham ikki davlat o‘rtasidagi hurmatning yuksak darajasini anglatadi.

Sherzod Asadov so‘nggi yillarda prezident qo‘shni va dunyodagi yetakchi davlatlarning bir qator nufuzli mukofotlariga sazovor bo‘lganini eslatdi. Qozog‘istonning “Oltin qiran” va “Do‘stlik”, Qirg‘izistonning “Danaker”, Tojikistonning “Zarrintoj”, Rossiyaning Aleksandr Nevskiy, Fransiya Faxriy legioni, Turkiyaning “Respublika” ordenlari, Turkiy dunyoning oliy ordeni, MDH faxriy nishoni, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining faxriy nishoni va boshqalar shular jumlasidan.
“Albatta, bu mukofotlarning har biri faqatgina prezident Shavkat Mirziyoyevning faoliyatiga berilgan baho emas. Ularning ortida davlatimiz rahbarining hamkasblari, hamkor mamlakatlar yetakchilari bilan birgalikdagi samarali mehnati turadi. Ana shunday hamjihatlik tufayli Markaziy Osiyo bugun raqobat emas, balki hamkorlik makoniga aylanib borayotganida ularning ham xizmatlari beqiyos”, deydi matbuot kotibi.
Sherzod Asadovning ta’kidlashicha, Turkmaniston ordenining berilishi rasmiyatchilik emas, balki O‘zbekistonning mintaqada barqarorlik va hamkorlikni ta’minlashdagi faol va konstruktiv pozitsiyasining e’tirofidir. Bu shunchaki mukofot emas, balki global beqarorlik, ishonch taqchilligi va xatarlar fonida O‘zbekiston va uning hamkorlari mintaqada yaratayotgan barqaror muhit katta qadriyatga aylanayotganiga ishora. Ana shu barqarorlikni kim ta’minlayotgan bo‘lsa, uning mehnati munosib e’tirofga loyiq.
Izoh (0)