Bortida uch nafar Rossiya fuqarosi bo‘lgan yaxta Saudiyaning Jizan shahri portidan chiqib ketganidan so‘ng Qizil dengizda g‘oyib bo‘ldi, deya xabar bermoqda “TASS” Rossiyaning Saudiya Arabistonidagi elchixonasiga tayanib.
“30 daqiqa” (“30 minutes”) nomli sayohat kemasi 17-aprel kuni dengizga chiqib, Sharqiy Afrikadagi Jibuti davlatiga yo‘l olgan. O‘sha kuni kema Rumeyn oroli hududida langar tashlagan va radarlardan g‘oyib bo‘lgan.
Ekipaj bilan aloqa yo‘q, qayiqdagi avtomatik aniqlash tizimining transponderlari o‘chirilgan.
Yaxta kapitanining rafiqasi Nadejda Rasina “RBK”ga aytishicha, ekipaj Jibutiga 19-aprel kuni yetib borishni rejalashtirgan edi. Kema Saudiya Arabistoni, Eritreya va Yaman o‘rtasidagi hududda g‘oyib bo‘lgan. 20-aprel kuni qidiruv boshlangan.
“Kema o‘g‘irlangani haqida ma’lumot oldik, ammo bizda batafsil ma’lumot yo‘q. Bunday ma’lumot Saudiya Arabistoniga kelib tushgan, biz ulardan bildik”, — dedi Rasina.
Rossiyaning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi esa rus diplomatlari ham, Saudiya Arabistoni rasmiylari ham kema qaroqchilar tomonidan o‘g‘irlab ketilgani bo‘yicha dalil topmaganini ta’kidladi.
Izoh (0)