Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on zilziladan jabr ko‘rgan aholiga yangi uylarning kalitlarini topshirdi. Bu haqda Anadolu xabar berdi.
Yangi kalitlar Gaziantep viloyati Nurdagi tumanining Belpinar qishlog‘i, Qahramanmarash viloyatining Mestxyuyuk va Turkog‘lu O‘zbek qishloqlaridagi aholiga topshirilgan. Erdo‘g‘on fuqarolarni Ramazon hayiti bilan tabriklagan.
“6-fevraldagi dahshatli zilzilalardan 15 kun o‘tib, yangi xususiy uylarning poydevori qo‘yildi. Tabiiy ofat zonasida jami 507 ming xonadon va 143 ming xususiy uy quriladi. Ularning 319 mingtasi bir yil ichida foydalanishga topshiriladi.
60 mingga yaqin xonadonning poydevori qo‘yildi. Bu ish uzluksiz davom etmoqda. Bizning vazifamiz – zilziladan jabr ko‘rgan fuqarolarni barcha qulayliklarga ega yangi, zamonaviy uylarga tezroq ko‘chirish”, — degan Turkiya prezidenti.
Erdo‘g‘on tabiiy ofat hududidagi barcha shahar va qishloqlarning infratuzilmasi yangilanayotganini ta’kidladi. U bu borada bir qancha davlat dasturlari qabul qilingani, ulardan biri fermerlarga foizsiz kreditlar ajratishga qaratilganini aytdi.
Ta’kidlanishicha, Gaziantep shahrida rejalashtirilgan 50 ming xonadonga qo‘shimcha ravishda yana 50 ming xonadon quriladi.
Izoh (0)