Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudida o‘g‘irlik jinoyatini sodir etgan 32 yoshli fuqaroning ishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda “Yoshlar” telekanali orqali ma’lum qilindi.
Ish hujjatlariga ko‘ra, sudlanuvchi muqaddam bir necha marotaba sudlanib, oxirgi marotaba o‘g‘irlik, o‘g‘irlikka suiqasd, qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston hududiga kirish jinoyatlarini sodir etib, ozodlikdan mahrum etilgan.
Qayd etilishicha, 2022-yil 10-mart kuni ushbu shaxs Olmazor tumanidagi 5-xonadonga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, yotoqxonadagi shkafdan 47 million so‘mlik tilla taqinchoqlar va 450 dollarni o‘g‘irlab, voqea joyidan yashiringan.
Bundan tashqari, u 29-mart kuni tumanning Sebzor dahasidagi xonadonga kirib, 20 million so‘mlik tilla taqinchoqlarni o‘g‘irlagan.
Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) 3-qismi bilan aybli deb topilib, 9 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Shuningdek, u sud tomonidan “o‘ta xavfli retsidivist” deb topilgan.
Avvalroq Buxoroda televizor ustasi o‘zganing uyidagi muzlatkich ichida bo‘lgan pullarni o‘g‘irlagani, Sirdaryoda uyga o‘g‘rilikka tushib, 14 yoshli qizni o‘ldirgan shaxs 23 yilga ozodlikdan mahrum etilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)