Joriy yilning iyul oyida Ukrainada Rossiya harbiylarining harakatlari oqibatida tinch aholi orasidagi qurbonlar soni uch yillik eng yuqori darajaga ko‘tarildi. Bu haqda BMTning Ukrainadagi inson huquqlari bo‘yicha monitoring missiyasi (IHMM) ma’lum qildi.

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, iyul oyida Ukrainada 286 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, yana 1388 nafari jarohat olgan. Bu 2022-yil may oyidan beri eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, 2025-yil iyun oyidagi statistikadan ham oshib ketgan. IHMM Ukrainaning 24 viloyatidan 18 tasida tinch aholi orasida qurbonlar borligini tasdiqlagan.
“Ketma-ket ikkinchi oy Ukrainada tinch aholi orasidagi qurbonlar soni uch yillik rekordni yangilamoqda. Rossiya Federatsiyasining keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan keyingi dastlabki uch oyda halok bo‘lganlar va jarohatlangan odamlar soni so‘nggi bir oydagidan ko‘proq edi”, dedi missiya raisi Daniel Bell.
Ta’kidlanishicha, iyul oyida tinch aholi orasidagi qurbonlar soni 2025-yildagi o‘sish tendensiyasini davom ettirgan. 2025-yilning yanvar-iyul oylarida qurbonlar soni 2024-yilning shu davriga nisbatan 48 foizga oshgan.
“Xavf o‘tgan yilga nisbatan ancha yuqori va o‘sishda davom etmoqda”, deya qo‘shimcha qildi IHMM raisi.
Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan beri Missiya kamida 13 883 nafar tinch aholining, shu jumladan 726 nafar bolaning halok bo‘lgani va 35 548 nafar odamning, ulardan 2 234 nafari bola bo‘lgan jarohatlangani rasmiylashtirgan.
Izoh (0)