“O‘zgidromet” hafta davomida kuzatiladigan ob-havo haqida ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, 27-mart, dushanba kuni O‘zbekiston hududi bo‘yicha havo asosan kam bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Seshanba kuni faqat Buxoro, Navoiy viloyatlarida baʼzi joylarda biroz yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Chorshanba kuni hududning katta qismida baʼzi joylarda yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi.
Payshanba kuni Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Juma kuni esa O‘zbekistonning hech qaysi hududida yog‘ingarchilik kutilmaydi.
Ushbu haftada havo harorati kechalari 9-14 daraja, kunduz kunlari 27—28-martda 22-27 daraja, 29—31-martda 20-25 daraja atrofida bo‘ladi.
27—28-martda shimolda va cho‘l hududlarda, 29-martda respublika bo‘yicha baʼzi joylarda shamol tezligi 15-20 metr/sekundgacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi mumkin.
Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida 28—31-mart kunlari vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Toshkentda havo biroz bulutli bo‘ladi, vaqti-vaqti bilan o‘zgarib turadi, 27—28-martda yog‘ingarchilik kutilmaydi, 29—30-martda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shamol asosan kuchsiz esadi, faqat 29-martda 12-15 metr/sekundgacha kuchayishi mumkin. Havo harorati 27—28-martda kechasi 9-11 daraja, kunduzi 24-26 daraja, 29—30-martda kechasi 11-13 daraja, kunduzi 20-22 daraja bo‘ladi.
Izoh (0)