Toshkent shahrida do‘kon qarshisidagi infokioskani o‘g‘irlab ketgan erkak ushlandi. Bu haqda “Toshkent” telekanali orqali efirga uzatilgan lavhada ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, huquq-tartibot idoralariga Mirobod tumanida noma’lum erkak oziq-ovqat do‘koniga o‘rnatilgan Paynet infokioskasini o‘g‘irlab ketgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan. Mazkur terminal qiymati 31 million so‘mga teng.
IIB xodimlarining sa’y-harakati bilan o‘g‘irlikda gumonlangan shaxs qo‘lga olingan. So‘roq davomida 33 yoshli B. infokioskani ochib 7 million so‘mni olgani, keyin terminalni kanalga tashlab yuborganini bildirgan.
Shuningdek, erkak kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari ta'sirida bo‘lganini aytgan.
“O‘sha kuni ‘Peregabalin’ ichgandim (tutaqanoqqa qarshi dori — tahr.). Odatda kuniga bittadan ichaman. Qilgan ishimdan pushaymonman, boshqa bunday qilmaslikka va’da beraman”, — deydi gumonlanuvchi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-modda (O‘g‘irlik) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Izoh (0)