Xitoyda 17 yoshli qiz sevgilisini 14 ming dollarga qul qilib sotib, Tailandga dam olishga ketdi. Bu haqda The Times xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 19 yoshli yigit Guanchjoudagi bilyard klubida bir qiz bilan tanishib qolgan. U o‘zini badavlat merosxo‘r deb tanishtirgan, shundan so‘ng ish va “qarindoshlik aloqalari”ni va’da qilib, uni Myanmaga borishga ko‘ndirgan. Ammo chegara yaqinida yigitni qurollangan firibgarlar olib ketgan, qiz esa g‘oyib bo‘lgan.
Yigit to‘rt oy davomida Myanmada joylashgan Triumph Industrial Park deb ataluvchi noqonuniy “firibgarlik fabrikasi”da majburiy mehnat qilgan. U kiberfiribgarlik bilan shug‘ullanishga majburlangan, doimiy kaltaklangan, 16–20 soatlab kompyuter qarshisida ushlab turilgan. Oqibatda yigit 10 kilogramm vazn yo‘qotgan va qisman eshitish qobiliyatidan ayrilgan.
Firibgarlar uning oilasidan 350 ming yuan (48 ming dollardan ortiq) tovon talab qilgan. Oilasi bu pulni to‘lagach, yigit qo‘yib yuborilgan. Bu vaqt ichida qiz Tailandga borib, pulning bir qismini dam olishga sarflagan. Xitoyga qaytganda u hibsga olingan va firibgarlikda ayblangan. Qiz firibgarlikdagi ishtiroki evaziga 100 ming yuan (salkam 14 ming dollar) olganini tan olgan.
Izoh (0)