Yangi Toshkent darvozalari biznes qilaman, degan barcha tadbirkorlar uchun hamisha ochiq bo‘lad. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 20-avgust kuni tadbirkorlar bilan o‘tkazayotgan ochiq muloqotida ma’lum qildi.

Davlat rahbari bu galgi uchrashuv bunyodkorlik ishlari boshlangan Yangi Toshkentda o‘tayotganida ramziy ma’no borligini ta’kidladi.
“Ushbu megaloyiha islohotlarimiz hayotda qanday aks etayotganining yaqqol isboti, yangilanish va taraqqiyot yo‘lidagi dadil qadamlarimizning yorqin timsoli bo‘ladi. Siz tadbirkorlar uchun Yangi Toshkent – yangi imkoniyatlar, yangi g‘oyalar va yangi bozorlar maydoniga, innovatsiyalar va investitsiyalar markaziga aylanadi”, dedi prezident.
Shavkat Mirziyoyev u yerdagi to‘liq “yashil” texnologiyalarga asoslangan eng zamonaviy infratuzilma tadbirkorlarning yangi g‘oya va tashabbuslari uchun xizmat qilishini qayd etdi.



Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqot shaklidagi ilk uchrashuvi 2021-yil 20-avgustida o‘tkazilgan edi. O‘sha uchrashuvda davlat rahbari bunday tadbirni har yili o‘tkazish va 20 avgustni Tadbirkorlar kuni deb e’lon qilishni taklif qilgandi. Shundan buyon uchrashuvlar an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
Shu kungacha ochiq muloqotlarda tadbirkorlar tomonidan bildirilgan 1 mingga yaqin taklif va tashabbuslar qonun va qarorlarda o‘z aksini topdi. Bugungi ochiq muloqotga tayyorgarlik davomida 26 ta sohaning 7 mingga yaqin vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Сall markaz orqali 13 mingdan ziyod murojaat va tashabbuslar kelib tushgan.
Izoh (0)