Qozog‘istonning Turkiston shahrida 10-fevral kuni Markaziy Osiyo davlatlarining birinchi parlamentlararo forumi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi parlament delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Forum ishtirokchilariga Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari qutlov so‘zlarini yo‘lladi.
Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlarining birinchi parlamentlararo forumi ishtirokchilariga yo‘llagan qutlov so‘zini Tanzila Norboyeva o‘qib eshittirdi. Forumda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida strategik hamkorlikni mustahkamlash va ushbu jarayonda parlamentlarning rolini yanada oshirishga doir masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanishicha, prezidentning tashabbusi asosida mintaqa davlatlarining yetakchilari o‘rtasida olib borilayotgan o‘zaro ishonchga asoslangan faol siyosiy muloqotlar izchillik va muntazamlik kasb etmoqda. O‘zbekistonda global xavfsizlik borasida yaqin qo‘shnilar bilan samarali parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash bo‘yicha belgilangan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, mamlakatning parlament diplomatiyasi konsepsiyasining qabul qilingani o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.
“Xalqaro siyosatdagi yuqori turbulentlik sharoitida va jahon iqtisodiyotida inqirozli hodisalarning kuchayishi fonida Markaziy Osiyo davlatlari parlamentlarining sa’y-harakatlarini birlashtirish, yuzaga kelayotgan muammolarni birgalikda hal etishga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib bormoqda.
Ushbu forumning yo‘lga qo‘yilishi esa ana shunday hayotiy talablarni qondirish bilan bir qatorda, mintaqaviy hamkorlikka sezilarli darajada sur’at bag‘ishlaydi hamda xalqlarimizning yanada yaqinlashishiga turtki beradi.
Parlament vakillari aholining talab va ehtiyojlaridan, odamlarni qiynab kelayotgan muammolardan yaxshi xabardorligi hamda ularni hal etishda parlament resurslarini yetarlicha jalb qila olish imkoniga egaligi Markaziy Osiyoda yashovchi xalqlar manfaatlariga to‘la javob beradigan yechimlarni ishlab chiqishga zamin yaratadi.
Mintaqa davlatlari parlamentlarining samarali muloqoti bo‘yicha yo‘lga qo‘yilayotgan mazkur yangi platforma doirasida mamlakatlar qonun chiqaruvchi organlari o‘zaro hamkorligining huquqiy asoslarini mustahkamlash borasidagi ishlarni yanada faollashtirishimiz kerak.
Shuningdek, milliy qonunchilik asoslarini o‘zaro uyg‘unlashtirish va yaqinlashtirish bo‘yicha qonunchilik normalarini chuqur tahlil qilish hamda takomillashtirish maqsadga muvofiq”, — deya ta’kidladi Norboyeva.
Forumda umumiy tarixiy-madaniy merosga asoslangan madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirishda parlament a’zolarining ishtirokini yanada kuchaytirish masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi.
Forum ishtirokchilari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda turli forumlar, festivallar, madaniy tadbirlarni o‘tkazish, xalqlarimizni bir-biri bilan yanada jipslashtirishga xizmat qiluvchi turizm yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan o‘zaro fikr almashdi.
Tadbir yakunida Markaziy Osiyo davlatlarining birinchi parlamentlararo forumining mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan Turkiston deklaratsiyasi qabul qilindi.
Izoh (0)