Jizzaxda o‘qituvchilikka ishga kirmoqchi bo‘lgan shaxsdan pora talab qilgan mutasaddi qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar qildi.
Maʼlum bo‘lishicha, viloyatning Zarbdor tumanida yashovchi fuqaro Jizzax shahridagi 16-sonli o‘rta umumtaʼlim maktabiga ish qidirib borganida maktab masʼullaridan biri unga bo‘sh ish o‘rni borligini, ammo buning uchun pora berishi zarurligini aytadi.
Mutasaddi fuqaroga ishga qabul qilish oldidan o‘tkaziladigan test savollarining javoblarini vaʼda qilib, yana kimdir ishga kirishni istasa uni ham ma’lum pul evaziga ishga olishini bildirgan.
Maktab rahbarlaridan biri ikki nafar o‘qituvchini ishga olish uchun talab qilgan 16 million so‘midan avvaliga 5 million so‘mni olgan. Shundan so‘ng, ushbu shaxs talab qilingan summaning 11 million so‘mini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “a” hamda “b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Izoh (0)