Amerika Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Berns yanvar oyi o‘rtalarida Ukraina hududining 20 foizini Rossiyaga topshirish evaziga urushni tugatishni taklif qilish uchun Kiyevga kelgan. Bu haqda Shveysariyaning Neue Zürcher Zeitung nashri Germaniya hukumatidagi ikki mustaqil manbaga tayanib xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, AQSH prezidenti Jo Bayden nomidan Berns Kiyevga “yer evaziga tinchlik”, Moskvaga esa “tinchlik evaziga yer” taklif qilgan. Gap go‘yoki Ukraina hududining 20 foizi haqida ketgan, bu taxminan Donetsk va Lugansk viloyatlariga to‘g‘ri keladi.
Xabarga ko‘ra, Kiyev Ukraina hududini bo‘lishdan bosh tortgan, Moskva esa uzoq muddatda urushda g‘alaba qozonishga umid qilmoqda. Nashrning qayd etishicha, bunday taklifning rad etilishi Ukrainani G‘arb tanklari bilan ta’minlash to‘g‘risidagi qarorlarga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Jurnalistlarning yozishicha, MRB direktorining aynan shu safaridan so‘ng AQSH prezidenti Germaniya kansleri Olaf Sholsning talabiga bo‘ysunib, Ukrainani Abrams jangovar tanklari bilan ta’minlashga qaror qildi. Bu esa Berlinning Leopard 2 tanklarini boshqa davlatlardan ham, o‘zidan ham Kiyevga o‘tkazish bo‘yicha pozitsiyasini blokdan chiqardi.
Oq uy OAVning xabarini yolg‘on deb atadi.
Yanvar oyi o‘rtalarida Uilyam Berns Kiyevga yashirincha tashrif buyurgani va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashgani haqida xabar berilgandi. Uchrashuvda Berns “Rossiyaning yaqin haftalar va oylardagi harbiy rejalari bo‘yicha” o‘z taxminlarini Zelenskiy bilan bo‘lishgani aytilgan.
Izoh (0)