NASA olimlari Marsda energiya manbayi sifatida foydalanishga yetarli shamol bo‘lishi mumkinligini aniqladi. Bu haqda Nature Astronomy jurnalida chop etilgan maqolada aytiladi.
Qizil sayyoradagi sharoitlarni modellashtirish uchun tadqiqotchilar dastlab Yerdagi iqlimni o‘rganishga mo‘ljallangan iqlim modelini bunga moslashtirdi. Quyosh radiatsiyasining miqdori, atmosferadagi chang miqdori, geografik relyef kabi omillar hisobga olindi, bu esa sayyora yuzasining turli qismlarida shamol tezligini aniqlash imkonini berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Marsning ko‘plab mintaqalarida shamol energiyasini ishlab chiqarishga hissa qo‘shish uchun yetarlicha kuchli shamollar mavjud va ayrim hududlarda shamol kuchi yagona energiya manbayi bo‘lib xizmat qila olishi ham mumkin. Bu hududlarga kraterlar va vulqon tog‘lari, shuningdek, shamoli quyosh panellaridan ko‘ra ko‘proq elektr energiyasi ishlab chiqaradigan muzli joylar kiradi.
Mualliflar yozganidek, shamol energiyasi, ayniqsa, o‘rta kengliklarda quyosh energiyasining kunlik va mavsumiy pasayishi o‘rnini to‘ldiradi. Turbinalar elektroenergiya ishlab chiqarishni barqarorlashtiradi va shu tariqa Mars yuzasida insoniyat missiyasiga yordam beradi.
Izoh (0)