Ukraina prezident Vladimir Zelenskiyning Vashingtonga tashrifi 11-dekabr kuni AQSH prezidenti Jo Bayden bilan telefon orqali suhbatda muhokama qilingan. Zelenskiy 14-dekabr kuni AQSH ma’muriyatidan rasmiy taklif olgan, 18-dekabr kuni esa tashrif uzil-kesil tasdiqlangan.
“Biz uni Oq uyda prezident Bayden bilan davomli uchrashuv, prezident Baydenning milliy xavfsizlik guruhi va Vazirlar Mahkamasining asosiy a’zolari bilan uchrashuv, matbuotga murojaat qilish, so‘ng Kongressning qo‘shma majlisini o‘tkazish uchun Kapitoliy xolmga chiqish imkoniyatini o‘z ichiga olgan dasturda ishtirok etishga taklif qildik”, — dedi Oq uyning yuqori martabali amaldori 20-dekabr kungi brifingda.
Uning qo‘shimcha qilishicha, uchrashuv chog‘ida ikki davlat rahbarlari frontdagi keyingi harakatlar, ukrainalik askarlarni tayyorlash imkoniyatlari, Rossiyaga qarshi sanksiyalar va eksport nazorati, iqtisodiyot va energetika sohalarida yordam, shuningdek, gumanitar yordam masalalarini muhokama qiladi.
Oq uy vakilining so‘zlariga ko‘ra, safarning asosiy mohiyati shundaki, Qo‘shma Shtatlar Ukrainani qancha kerak bo‘lsa, shuncha vaqt qo‘llab-quvvatlaydi.
Avvalroq CNN o‘z manbalariga tayanib, Zelenskiy 21-dekabr kuni Bayden bilan uchrashish uchun Vashingtonga uchib ketgani haqida xabar bergandi. Bir muddat o‘tib Oq uy Zelenskiy Vashingtonga tashrif buyurishini va Kongress ikkala palatasining qo‘shma sessiyasida nutq so‘zlab chiqishini tasdiqladi.
Zelenskiyning o‘zi ham AQSHga tashrifini rasman tasdiqladi. U safardan maqsad — Ukrainaning barqarorligini va mudofaa qobiliyatini mustahkamlashdan iborat ekanini yozdi.
Bundan tashqari, Oq uy Ukrainaga 2 milliard dollarlik yangi yordam paketini e’lon qildi, unga Patriot havo hujumiga qarshi mudofaa batareyalari kiradi.
Izoh (0)