Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida 48 yoshli mahalla raisi voyaga yetmagan qizga shahvoniy shilqimlik qildi. Unga sud hukmi o‘qilgan.
Sud materiallarida keltirilishicha, 1977-yilda tug‘ilgan I.R. 7-iyun kuni soat 14:00 da o‘zi raislik qilib kelayotgan Marg‘ilon shahar “Xo‘ja Porso” MFY idorasi binosida voyaga yetmagan 17 yoshli qizga uning bo‘yi pastligi va bo‘yni bukilib qolayotganini aytgan va qizning xohishiga zid ravishda uni mashq qildirish bahonasida belidan ushlab, ikki qo‘lini yelkasiga qo‘ydirgan holda oyoqlarini osiltirib, yuzidan o‘pmoqchi bo‘lgan.

Raisning so‘zlariga ko‘ra, qiz idoraga kompyuter xizmati bilan bog‘liq ishlarda ko‘maklashishi uchun qabul qilingan. 7-iyun kuni qiz beli va bo‘yni og‘riyotganidan shikoyat qilgani uchun I.R. xizmat xonasida unga jismoniy mashq qilishni o‘rgatgan. 22-iyun kuni esa qizning onasi telefon qilib, fuqaroni qiziga tegajog‘lik qilganlikda ayblab, qo‘pol gapirib, turli uyatli so‘zlar bilan haqoratlagan.
Shuningdek, ayblanuvchi qizning beli va qo‘lidan boshqa tana aʼzosiga teginmaganini qayd etib, qilgan ishining huquqiy oqibatlari haqida o‘ylab ko‘rmaganini maʼlum qilgan.
Jabrlanuvchi esa mahalla raisi I.R. o‘zini mehribon qilib ko‘rsatib, bo‘yni bukilib qolayotgani, oldini olmasa kampirga o‘xshab yurishini, bo‘yi ham o‘smasligini aytib, turli jismoniy mashqlarni qilishga o‘rgatmoqchi bo‘lganini, biroq u bunga qarshilik qilgan bo‘lsa-da, erkak uni aldab, qo‘lini yelkasiga qo‘ydirib, oyoqlarini osiltirib, belidan ushlab, ortga egilishiga majbur qilganini taʼkidlagan.
Bundan tashqari, qiz mashq yoqmaganini bildirsa-da, I.R. bu mashqlarni foydasi tegishini aytib, ushbu mashqni 5−6-marta takrorlaganini, bu orada uning xonasiga qog‘oz olish uchun kirganida I.R. “Yuzingda holing bor ekan, shu yeringdan o‘paymi?”, deb tegajog‘lik qilganini qayd etdi.
Sud I.R.ga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasida ko‘rsatilgan (shahvoniy shilqimlik qilish) huquqbuzarlikni sodir etgan deb topdi va unga nisbatan 4 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinladi.
Izoh (0)