Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov jahon internet tarmog‘i bilan bog‘liq bo‘lmagan milliy raqamli tarmoq yaratish konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha komissiya tuzish haqida qaror imzoladi. Bu haqda Turkmaniston OAVlari xabar bermoqda.
Ushbu hujjatga muvofiq, komissiya tarkibi tasdiqlandi, u avtonom milliy raqamli tarmoq yaratishga qaratilgan tizimli choralarni qabul qilish bilan shug‘ullanadi.
Qayd etilishicha, Turkmanistonda ish va hordiq uchun mo‘ljallangan mahalliy ilovalar, saytlar va platformalarni ishlab chiqish faol tarzda amalga oshirilmoqda.
Milliy raqamli tarmoq qachon yaratilib, qachon ishga tushirilishi borasida aniq ma’lumotlar yo‘q. Shuningdek, o‘z internetiga ega bo‘lgach, jahon internet tarmog‘idan uzib qo‘yish imkoniyati haqida ham hech narsa ma’lum emas.
Qayd etish kerakki, Turkmanistonda fuqarolarning internetga ulanishi nihoyatda cheklangan. Mamlakatda ijtimoiy tarmoq sahifalari va VPN saytlari bloklangan. Pul evaziga telefonlarga VPN o‘rnatgan ustalar hibsga olingan.
Izoh (0)