“Roskomnadzor” (Rossiyaning aloqa, axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiyalarni nazorat qilish federal xizmati) Qozog‘istonning “Vlast” nashriga Rossiyaning Ukrainadagi bosqini haqidagi xabarlarni saytdan olib tashlashni talab qiluvchi va rad javobini olgan taqdirda nashrni bloklash bilan tahdid qiluvchi bir qator xabarnomalar yubordi. Nashr muharrirlari esa “Roskomnadzor”ning talablarini bajarmoqchi emasligini ma’lum qildi.
“Vlast – Qozog‘iston nashri, uning faoliyati Rossiya qonunlari va nazorat organlari tomonidan tartibga solinmaydi. Tahririyat Ukrainadagi urush haqida berilgan bu yoki boshqa yangiliklarni olib tashlash niyatida emas va harbiy senzuraga mas’ul Rossiya idorasining bu borada qanday fikrda bo‘lishidan qat’i nazar, bunday yangiliklarni yoritishda davom etadi”, — deyiladi nashr bayonotida.
“Vlast” nashri yozishicha, “Roskomnadzor”, xususan, Rossiya harbiylari tomonidan Ukrainaning Vinnitsa shahri o‘qqa tutilgani, oqibatda 20 dan ortiq odam halok bo‘lgani haqidagi xabarni, shuningdek, anneksiya qilingan Mariupolda tinch aholi halok bo‘lgani haqidagi xabarlarni olib tashlashni talab qilgan.
Ukrainada urush boshlanganidan keyin Rossiyada minglab internet resurslari bloklandi. Ko‘p hollarda veb-saytlar Rossiya harbiylarining harakatlariga oid “noto‘g‘ri ma’lumotlar”ga to‘la degan bahona bilan bloklangan. Birgina 2022-yilning 5-dekabridan 11-dekabriga qadar Rossiyada 14,8 mingta saytga kirish bloklandi.
Izoh (0)