Kelasi yili nafaqalar va moddiy yordamga davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar qisqartiriladi. Gaz uchun subsidiya miqdori avvalgi kutilmalardan ko‘payadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi eʼlon qilgan Fiskal strategiyada qayd etilgan.

Joriy yilda davlat byudjetidan nafaqalar, moddiy yordam va aholiga boshqa imtiyozli to‘lovlar uchun 17,4 trillion so‘m ajratilishi kutilmoqda. 2026-yilda bu raqam qariyb 900 milliard so‘mga qisqartirilib, jami 16,5 trillion so‘m to‘lanadi.
2023-yil noyabrda eʼlon qilingan 2024—2026-yillarga mo‘ljallangan Byudjetnomada yuqoridagidan farqli kutilmalar berilgandi. Masalan, 2023-yilda nafaqalar, moddiy yordam va kompensatsiya to‘lovlari uchun byudjetdan 19,1 trillion so‘m, 2024-yilda 18,63 trillion so‘m ajratilishi prognoz qilingan. Shu bilan birga, 2025-yilda mazkur to‘lovlarga 22,2 trillion so‘m, 2026-yilga borib esa 24 trillion so‘m to‘lanishi ko‘zda tutilgan.
Umuman olganda, 2024-yilda kam taʼminlangan oilalarga bolalar nafaqalari to‘lovlariga 10,3 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi belgilangan. Yangi kutilmalarga qaraganda joriy uchun bu miqdor 7,3 trillion so‘mgacha pasaygan.
Fiskal strategiyaga ko‘ra, joriy va kelgusi uch yilda byudjetdan ajratiladigan subsidiyalar miqdor oshib borishi kutilmoqda. Jumladan, 2025-yilda subsidiyalarga 28,3 trillion so‘m, 2026-yilda 28,8 trillion so‘m, 2027-yilda 29 trillion so‘m yo‘naltiriladi. 2028-yilda esa mazkur ko‘rsatkich 30,2 trillion so‘mga yetkaziladi. Subsidiyalar tarkibida eng katta miqdorni energetika “tortib oladi”.
Mamlakat aholisiga tabiiy gaz ishlab chiqarilgan narxidan arzon sotilishi, shu sabab ko‘rilgan zarar davlat byudjetidan qoplanishi aytib kelinadi. Mazkur xarajatlar uchun joriy yilda qariyb 7 trillion so‘m ajratilishi ko‘zda tutilmoqda. Vaholanki, 2024–2026-yillarga mo‘ljallangan Byudjetnomada gaz uchun 2025-yilda 6 trillion so‘m subsidiya berilishi kutilmasi yozilgan (1 trillion so‘m qo‘shilgan). 2026-yil uchun esa 5 trillion so‘m ko‘zda tutilgan bo‘lsa, yangilangan prognozda bu raqam 6,5 trillion so‘mga yetkazilgan (1,5 trillion so‘m qo‘shilgan).
Avvalroq 2025-yil 1-choragi bo‘yicha byudjet ijrosi to‘g‘risida maʼlumot berilgandi. Unga ko‘ra, 2024-yil mos davriga nisbatan davlat xodimlari ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar 500 milliard so‘mga qisqartirilgan. Davlat qarzining foiz to‘lovlariga xarajatlar bir yil avvalgiga qaraganda 800 milliard so‘mga ortgandi. Uch oy davomida nafaqalar, moddiy yordam va kompensatsiya to‘lovlariga xarajatlar qariyb 1 trillion so‘mga qisqartirilgandi.
Izoh (0)