Niderlandiya sudi 23-noyabr kuni mamlakat askarlari 2007-yil iyun oyida Afg‘onistonning Uruzgon viloyatidagi turar joy majmuasini o‘qqa tutganini noqonuniy deb topdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Deyarli ikki yil avval (2020-yil) Niderlandiya Mudofaa vazirligi prokuraturadan Uruzgonda o‘nlab tinch aholining hayotiga zomin bo‘lgan portlashni tekshirishni so‘ragan.
“Uylarning o‘qqa tutilishi uchun Niderlandiya mas’ul edi. Bu uylarda tinch aholi istiqomat qilgani ma’lum bo‘ldi. Niderlandiya ‘Tolibon’ uylardan harbiy maqsadlarda foydalangani va shu tariqa portlash noqonuniy emasligini ilgari surgan”, — deyiladi Gaaga sudi bayonotida.
Sud qaroriga ko‘ra, Niderlandiya bu uylar “Tolibon” tomonidan foydalanilganini izohlamagan, shuning uchun portlash noqonuniy hisoblanadi. Sud harbiylardan Uruzgondagi hujum qurbonlari uchun tovon puli talab qildi. Pul miqdori keyinroq belgilanishi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistonning to‘rt nafar fuqarosi va beshinchisining qarindoshlari Niderlandiyaga qarshi sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan. Ular 2007-yil iyun oyida Niderlandiya qo‘shinlari “Tolibon” bilan to‘qnashuv chog‘ida sodir etgan harbiy jinoyatlar uchun tovon undirishni talab qilgan.
Niderlandiya Mudofaa vazirligi ma‘lumotlariga ko‘ra, bu to‘qnashuvlarda 250 ga yaqin odam, jumladan, bir golland askari va 80 ga yaqin tinch afg‘on fuqarosi o‘lgan. Niderlandiya qo‘shinlari 2006-yildan 2010-yilgacha Xalqaro xavfsizlik kuchlari tarkibida Uruzgonda bo‘lgan.
Ma’lumot o’rnida, Gaaga sudi bundan avvalroq Malayziya samolyoti 2014-yil Pervomaysk shahridan “Buk” havo mudofaa tizimi tomonidan urib tushirilganini ma’lum qilgandi.
Izoh (1)
Haqiqat egiladi lekin sinmaydi degani shu bo’lsa kerakda