Qozog‘istonning amaldagi prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 20-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida g‘alaba qozondi. Bu haqda Kazinform xabar berdi.
“Ochiq jamiyat” xalqaro mintaqaviy tadqiqotlar instituti ma’lumotlariga ko‘ra, To‘qayev 82,45 foiz, “Amanat” partiyasining Davlat siyosati instituti ma’lumotlariga ko‘ra – 85,52 foiz ovoz to‘pladi. “SOCIS-A" keng qamrovli ijtimoiy tadqiqotlar institutida bu ko‘rsatkich 82,02 foizni tashkil qilmoqda.
Respondentlarga prezidentlikka nomzodlardan qaysi biriga ovoz bergansiz, degan savolga quyidagicha javob olindi.
- Karakat Abden – 2,54foiz;
- Nurlan Auyesbayev – 2,17 foiz;
- Jiguli Dairaboyev – 3,33 foiz
- Meyram Kajiken – 2,23 foiz
- Saltanat Tursinbekova – 2,08foiz
- Qosim-Jo‘mart To‘qayev – 82,45 foiz
- Hamma nomzodga qarshi – 5,2 foiz.
O‘z navbatida, Elboshi Nursulton Nazarboyev birinchilardan bo‘lib, To‘qayevni saylovdagi g‘alabasi bilan tabrikladi.
“Sizni Qozog‘iston respublikasi prezidenti saylovidagi ishonchli g‘alabangiz bilan chin qalbimdan tabriklayman! Bu g‘alaba davlat rahbari sifatidagi yuksak nufuzingizdan dalolat beradi va amalga oshirayotgan keng ko‘lamli islohotlar va yangi tashabbuslaringizga xalqning so‘nmas ishonchi isbotidir. Hamisha xalqning qo‘llab-quvvatlashi va hurmatidan bahramand bo‘lishingizni tilayman”, — deydi Nazarboyev.
Qosim-Jo‘mart To‘qayev prezidentlik saylovi qonunga muvofiq va halol raqobat sharoitida o‘tkazilganini qayd etdi.
Izoh (0)