5-avgust kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va mamlakat Bosh shtabi rahbari Eyal Zamir o‘rtasida siyosatchining butun G‘azo sektoriga operatsiyalarni kengaytirish rejalari yuzasidan keskin bahs-munozara yuzaga keldi. Bu haqda Isroil davlat televideniyesi KAN xabar bermoqda.

Zamirning fikricha, bu reja Isroilni tuzoqqa tortib, harbiylar orasida katta yo‘qotishlarga olib kelishi va G‘azo sektorida HAMAS radikal harakati jangarilarining qo‘lida bo‘lgan garovdagilarni xavf ostiga qo‘yishi mumkin.
Bundan tashqari, Bosh shtab rahbari bosh vazirning o‘g‘li Yair Netanyaxuning “davlat to‘ntarishiga urinishni boshqarayotgani” haqidagi gaplarini eslatib o‘tgan va Falastin anklavidagi urush avj olgan paytda nima uchun bunday hujumlarga duchor bo‘layotganini so‘ragan. Netanyaxu o‘g‘li voyaga yetgan inson ekanligini ta’kidlagan.
Shuningdek, Zamir bosh vazirni uni iste’foga chiqarish bilan tahdid qilmaslikka chaqirgan.
Bir kun oldin BBC nashri Netanyaxu harbiylar va amaldorlar bilan uchrashuvda Isroil mudofaa kuchlarining operatsiyalarini G‘azo sektorining butun hududiga kengaytirishni taklif qilgani haqida xabar bergan edi.
Ta’kidlanishicha, armiya qo‘mondonlari va boshqa harbiy rahbarlar bu rejaga qarshi chiqishgan. Bundan tashqari, Falastinning HAMAS harakati tomonidan asirga olinganlarning oila a’zolari bunday rejalar ularning yaqinlarini xavf ostiga qo‘yishi mumkinligidan tashvish bildirganlar.
Bundan avval Isroilning xavfsizlik sohasida faoliyat yuritgan 600 ga yaqin sobiq amaldori, jumladan Mossad va Shin Bet tashkilotlari, armiya hamda diplomatik korpusning sobiq rahbarlari AQSH prezidenti Donald Trampga murojaat qilib, G‘azodagi urushni to‘xtatish uchun Isroil hukumatiga bosim o‘tkazishni so‘ragandi.
Izoh (0)