Dunyo bo‘ylab qum yuvilishi tufayli plyajlar yo‘qolib ketish xavfi ostida qolmoqda. Bu haqda Financial Times (FT) nashri xabar bermoqda.

Nashr mualliflarining ta’kidlashicha, qumning yuvilishi qirg‘oq chirishining oqibati bo‘lib, bu jarayonni to‘xtatish murakkab.
AQSHning Shimoliy Karolina shtatidagi Rodant shahrida 2020-yildan buyon shu kabi jarayonlar natijasida 11 ta uy okeanga qulab tushgan. Qirg‘oqni tiklash uchun 40 million dollar talab etiladi, biroq shaharda bunday mablag‘ mavjud emas.
“Men o‘n yildan keyinmi yoki yuz yildan keyinmi, aniq bilmayman, lekin shunday vaqt keladiki, bizda yo qum tugaydi, yoki haddan tashqari qimmatga aylanadi”, dedi Rodant munitsipaliteti rahbari Bobbi Autten.
Ispaniyadagi Barselona plyajlari har yili 30 ming kubometr qum yo‘qotmoqda. Shu sababli ularning ayrimlari butunlay yo‘qolib ketishi mumkin.
“Mayamidan Barselonagacha va Avstraliyaning Oltin qirg‘og‘igacha bo‘lgan hududlarda hokimiyat vakillari kelgusi yillarda qirg‘oqlarni yuvilishdan qanday saqlab qolish mumkinligini aniqlashga urinmoqda. Eroziyaning bir qismi tabiiy sabablarga ko‘ra sodir bo‘ladi”, deyiladi maqolada.
Ta’kidlanishicha, vaziyat bo‘ronlar, kuchli suv toshqinlari, shuningdek, inson faoliyati natijasida yuzaga kelgan global isish tufayli dengiz sathining ko‘tarilishi bilan yanada murakkablashmoqda. Bu esa muzliklarning erishiga olib kelmoqda.
Qirg‘oqni tiklash uchun qum keltirilayotgani qayd etilgan. U suv toshqinidan himoya vazifasini bajaradi. Ammo qum narxi oshib bormoqda, qurilish va boshqa sohalardagi talabning ortishi tufayli esa bozordagi taklif kamaymoqda.
FT ma’lumotlariga ko‘ra, Yer aholisining taxminan 10 foizi qirg‘oqdan 5 kilometrdan kam masofada istiqomat qiladi va plyajlarning yanada vayron bo‘lishi jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Bundan avval Rossiyada 3,4 million aholi yashaydigan 129 ta kichik shahar yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida turgani ma`lum qilingandi.
Izoh (0)