Mamlakat joriy yil iyun oyida 9 tonna oltin sotib olib, jahonda birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda Jahon oltin kengashi maʼlum qildi.

2025-yil iyun oyida dunyo markaziy banklari jami 22 tonna oltin sotib olgan. Bu ketma-ket uchinchi oyda oylik asosda talabning biroz ortganini anglatadi.
Iyunda eng katta oltin xaridori — O‘zbekiston bo‘lgan (9 tonna). Mamlakat to‘rt oy davom etgan “sotuv rejimidan” chiqib, yana oltin jamg‘arishni boshlagan.
Qozog‘iston ham 7 tonna sotib olib, ikkinchi eng yirik xaridor davlatga aylangan. Shu bilan birga, Xitoy, Turkiya, Chexiya 2 tonnadan oltin sotib olgan. Gana, Qatar, Filippin, Qirg‘iziston esa har biri 1 tonnadan qimmatbaho metall xaridini amalga oshirgan.
Iyun oyida oltinning yagona yirik sotuvchisi Singapur bo‘lib, mamlakat 6 tonna oltin sotgan.
Joriy yil boshidan beri markaziy banklar tomonidan jami 123 tonna oltin xarid qilingan. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan (130 tonna) biroz kam, lekin jiddiy raqam. Bu davrda quyidagi davlatlar oltin xarid qilish bo‘yicha yetakchi bo‘ldi:
- Polsha — 67 tonna;
- Ozarbayjon — 35 tonna;
- Qozog‘iston — 22 tonna.
O‘zbekiston birinchi yarim yillikda 18 tonnaga yaqin qimmatbaho metall sotib, savdo hajmi bo‘yicha yil boshidan beri yetakchilik qilmoqda. Olti oy ichida Singapur 16 tonna oltin sotib, ikkinchilikni band qilgan. Uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni katta farq bilan Rossiya va Germaniya egallagan.
Izoh (0)