Xitoyda koma holatidagi qiz kasalxona palatasiga universitetga qabul qilingani haqidagi xat keltirilganda o‘ziga keldi. Bu haqda South China Morning Post xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, Jiang Chengnan ismli qiz 2025-yil iyul oyi boshida universitetga kirish imtihonlarini topshirganidan so‘ng ko‘p o‘tmay, isitma va ko‘krak qafasidagi og‘riq alomatlari bilan tibbiy yordamga murojaat qilgan. Shifokorlar unga fulminant miokardit — yurak mushaklarining kamdan kam uchraydigan va o‘ta og‘ir yallig‘lanishi tashxisini qo‘yishgan. Qizda kasallikning aniq sababi hali aniqlanmagan, ammo ehtimoliy omillarga virusli infeksiyalar, kuchli stress va haddan tashqari charchoq kiradi.
Ahvoli yomonlashgach, bemor reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilgan, u yerda sun’iy nafas olish apparati va yurak faoliyatini qo‘llab-quvvatlash tizimiga ulangan. Tez orada u komaga tushib qolgan. Jiang oilasi nafaqat tibbiy, balki moliyaviy inqirozga ham duch kelgan.
Qizning otasi 2023-yilda avtohalokatda jiddiy jarohat olgan, ishlay olmaydi va uyda davolanmoqda. Onasi ko‘cha ovqatlarini sotish bilan tirikchilik qiladi, ukasi esa o‘rta maktabda o‘qiydi.
Chengnanning davolanishi uchun allaqachon 28 ming dollar sarflangan, shu sababli uning qarindoshlari qarz olishga va kreditlardan foydalanishga majbur bo‘lgan. Biroq komaning sakkizinchi kunida xitoylik qizning otasi uning Xuanxe transport universitetiga qabul qilingani haqidagi xatni olgan. Darhol uni kasalxonaga olib kelib, xatni karavot yonida ushlab turib, bu xabardan oila a’zolari xursand ekanini aytgan.
Shu payt qizning qovoqlari qimirlay boshlagan, ertasi kuni esa u hushiga kelgan. Shifokorlarning aytishicha, Jiangning yurak faoliyati to‘liq tiklangan, ahvoli barqaror. Shunga qaramay, bunday tez uyg‘onishning sababi shifokorlar uchun jumboqligicha qolmoqda. Hozirda Jiang reanimatsiyadan umumiy palataga o‘tkazilgan va sentyabr oyida boshlanadigan o‘qishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Izoh (0)