Efiopiyada odam savdosi bilan shug‘ullangan besh kishi o‘lim jazosiga hukm qilindi. Mamlakatda ushbu jinoyat uchun bunday og‘ir jazo birinchi marta tayinlandi, deb xabar bermoqda Africanews portali.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, besh kishidan iborat guruh Afrika shoxidan Qizil dengiz va Yaman orqali Fors ko‘rfazi mamlakatlariga ish izlab borayotgan minglab muhojirlar foydalanadigan “sharqiy yo‘nalish” deb ataluvchi yo‘l bo‘ylab amalga oshirgan faoliyati uchun jazolangan.
Qaror yaqinda yuz bergan dengiz fojiasidan so‘ng qabul qilingan. Unda asosan efiopiyalik muhojirlardan iborat 154 kishini tashiyotgan qayiq yomon ob-havo sharoiti tufayli Adan ko‘rfazida cho‘kib ketgan edi. Hodisa oqibatida kamida 68 kishi halok bo‘lgan, yana o‘nlab odamlar bedarak yo‘qolgan.
Africanews’ning ta’kidlashicha, bu fojia muhojirlar o‘z taqdirini odam savdogarlari qo‘liga topshirib, o‘limga yuz tutish xavfiga qay darajada duchor bo‘lishlarini yaqqol ko‘rsatib bergan.
Efiopiya adliya organlari ushbu qarorni odam savdosiga qarshi kurashda burilish nuqtasi deb baholagan.
Efiopiyada o‘lim jazosi qonuniy hisoblanadi, ammo u juda kamdan-kam hollarda qo‘llaniladi. Oxirgi marta tegishli hukm 2007-yilda ijro etilgan.
Izoh (0)