O‘zbekistonda sinov tariqasida amarant o‘simligi yetishtirilmoqda. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
Garchi nomi ko‘pchilikka notanish bo‘lsa-da, amarant o‘simligining davo xususiyatlari tibbiyotda ma’lum. Asli Amerika, Yevropa, Afrika, Osiyo va Rossiyaning ayrim viloyatlarida o‘stiriladigan ushbu o‘simlik O‘zbekistonda ham sinov tariqasida ekilmoqda, — deyiladi vazirlik xabarida.
Ma’lum bo‘lishicha, Buxoro viloyati Romitan tumani Qalaychorbog‘ qishlog‘ida istiqomat qiluvchi tadbirkor ushbu o‘simlikning foydalilik jihatlaridan xabar topib, uni 20 sotix yer maydonida yetishtirmoqda.
Bundan tashqari sinov tarzida ekilgan amarant bugun hududning tuproq iqlim sharoitiga moslashib, kutilgan natijani berayotgani aytilmoqda.
Amarantni ekish O‘zbekistonda qimmatbaho dorivor mahsulotlarni arzon narxda o‘zimizda yetishtirish, agrar sohani siderat va serhosil yem-xashak ekin turi bilan boyitish, qishloq xo‘jaligi va farmatsevtika sohalarida yangi yo‘nalishlarni ochish, asosiysi, tuproqning tabiiy unumdorligini oshirish imkoniyatini yaratadi, — deydi Qishloq xo‘jaligi vazirligi.
O‘zbekiston florasida ham ushbu o‘simlikning bir avlodi va 10 turi o‘sadi. Ya’ni o‘simlikning manzarali turi sifatida gultojixo‘roz (Celasia va Comfrena) ko‘p tarqalgan.
Mavsum davomida amarant 3-4 marta sug‘oriladi va gektariga 90-100 kg azot, 70 kg fosfor, 50 kg kaliy bilan oziqlantiriladi.
Avvalroq O‘zbekistonda klaster tipidagi zamonaviy bozor ishga tushirilgani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)