Ukrainadagi urush va uning ortidan Rossiyaga qarshi sanksiyalar tufayli Saudiya Arabistonida qulay moliyaviy vaziyat yuzaga keldi. Bu haqda Isroilning Globes gazetasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ar-Riyod neft narxining ko‘tarilishi evaziga katta pul ishlab oldi va yirik kompaniyalar aksiyalari tushib ketganidan foydalanib, Amerika kompaniyalariga yetti milliard dollar sarmoya kiritdi.
Saudiya Arabistonining davlat neft kompaniyasi Aramco, Alphabet (Google’ning bosh kompaniyasi), Amazon, Meta, Microsoft, Costco, Starbucks va boshqa ko‘plab kompaniyalarning aksiyalarini sotib oldi. Shu tariqa saudiyaliklar Vashingtondagi ta’sirini kengaytirishga umid qilmoqda.
Milliardlab dollarlik sarmoya AQSH iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlamoqda. Shu bilan birga, saudiyaliklar Xitoy kompaniyalarining aksiyalarini sotib olmaydi, ya’ni Pekin Saudiya sarmoyalarini qabul qilmaydi.
Vashingtonda o‘z ta’sirini kengaytirish orqali Ar-Riyod AQSH hukumatidan, birinchi navbatda, Eron yadroviy kelishuvi bo‘yicha ijobiy qarorlar olishga umid qilmoqda.
Saudiya hukumati sanksiyalarning bekor qilinishi va Eronga o‘nlab milliard dollar o‘tkazilishi Yaqin Sharq mintaqasida salbiy oqibatlarga olib kelishidan qo‘rqadi.
Avvalroq arab mamlakatlari neftdan qo‘shimcha 1,3 trln dollar daromad olishi haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)