Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya armiyasining shtat sonini oshirish haqida farmon imzoladi, deb yozadi Meduza.
Hujjatga muvofiq, shtat soni 137 ming kishiga oshiriladi. Bu faqar harbiy xizmatchilarni ko‘paytirish hisobiga amalga oshiriladi — armiyadagi noharbiy xodimlar soni o‘zgarishsiz qoladi.
Harbiy xizmatchilar soni aynan qay tarzda — qo‘shimcha chaqiruv evazigami yoki shartnoma asosidagi harbiy xizmatchilarni ko‘paytirish evazigami — oshirilishiga hujjatda aniqlik kiritilmagan.
Shu tariqa, Rossiya Qurolli kuchlari tarkibi 2 039 758 kishiga yetadi, shularning 1 150 628 nafarini harbiy xizmatchilar tashkil qiladi.
Farmon 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.
Rossiya qo‘shinlari, kuzatuvchilar hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukrainadagi urush sharoitlarida askarlar yetishmasligini boshdan kechirmoqda. So‘nggi oylarda bu tanqislik ko‘ngillilarni yollash (shu jumladan, tergov izolyatorlari va koloniyalardan) orqali to‘ldirilmoqda.
Izoh (0)