23-avgust ertalab OPEK+ neft bozorida ishlab chiqarishni qisqartirishi mumkinligi haqidagi xavotir sabab, xomashyo narxi o‘rtacha darajada oshib bormoqda. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
Londonning ICE Futures birjasida Brent oktabr fyucherslarining narxi bir barrel uchun 97 dollarni tashkil etadi, bu avvalgi sessiyaning yopilish narxidan 0,52 dollarga (0,54 foizga) yuqori.
22-avgustdagi savdolar natijasida bu shartnomalar 24-sentga pasayib, bir barrel uchun 96,48 dollarni tashkil qildi.
Nyu-York tovar birjasining elektron savdolarida oktabr oyidagi WTI fyucherslari narxi bu vaqtga kelib bir barrel uchun 90,93 dollarni tashkil etdi, bu avvalgi sessiyaning yakuniy qiymatidan 0,57 dollarga (0,63 foiz) ko‘pdir.
Avvalgi sessiya yakuniga ko‘ra, WTI narxi 54 sentga tushib, bir barrel uchun 90,23 dollarni tashkil qilgandi.
Kecha, 22-avgustda Saudiya Arabistoni Energetika vaziri shahzoda Abdulaziz bin Salmon savdodagi yuqori o‘zgaruvchanlik sabab neft bozori o‘zining asosiy omillaridan tobora uzoqlashib borayotganini va bu OPEK+ni tegishli choralar ko‘rishga majbur qilishini bildirdi.
Yetarli likvidlik bo‘lmasa, neft bozori jismoniy voqelikni to‘g‘ri aks ettira olmaydi. Bu zaxira quvvatlari keskin cheklangan va ta’minotning katta uzilishlar xavfi yuqori bo‘lgan paytlarda noto‘g‘ri xavfsizlik hissini berishi mumkin, — dedi u.
Vazirning qo‘shimcha qilishicha, OPEK+ joriy qiyinchiliklarni yengish uchun zarur mexanizmlarga ega, jumladan, 2020—2021-yillardagidek, istalgan vaqtda va turli shakllarda ishlab chiqarishni qisqartirishi mumkin.
Shuningdek, bozor ishtirokchilari Eron bilan yadroviy kelishuv bo‘yicha muzokaralarni kuzatishda davom etmoqda. Agar muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlansa va mamlakatdan sanksiyalar bekor qilinsa, u bozorga kuniga 2,5 mln barrelga yaqin neft yetkazib bera oladi.
Izoh (0)