Turkmaniston 2022-yilning oxiri — 2023-yilning boshida o‘z kemalarini yaratishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Turkmaniston dengiz va daryo yo‘llari agentligi rahbari Annadurdi Kosayev dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan mamlakatlar transport vazirlarining xalqaro konferensiyasida ma’lum qildi, deb yozadi “Xronika Turkmenistana”.
Milliy dengiz savdo flotini, uning xalqaro raqobatbardoshligini oshirish loyihasi doirasida neft, neft mahsulotlari va boshqa mahsulotlarni tashish uchun zamonaviy kemalar qurilmoqda, xususan, 2018-yilda port yaqinida kema ta’mirlash zavodi ham qurilib, foydalanishga topshirildi. Bu ham mamlakatimiz uchun og‘ir sanoat sohasida yangi tarmoqdir. Hozirda kredit olish, investorlarni jalb qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda, mutaxassislar va maslahatchilarni jalb qilgan holda shu yil oxiri yoki kelasi yil boshida o‘z kemalarimizni qurishni rejalashtirganmiz, — dedi rasmiy.Kosayevning aniqlik kiritishicha, birinchi navbatda quruq yuklarni tashuvchi kemalarni qurish boshlanadi.
2021-yilning oktabr oyida Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Transport va kommunikatsiyalar agentligi direktori Mammetxon Chakiyev o‘sha paytdagi prezident Gurbanguli Berdimuhamedovga “Hazar logistik” yakka tartibdagi korxonasi “Bolqon” kema qurish va ta’mirlash zavodida yuk ko‘tarish quvvati 5300–8100 tonna bo‘lgan quruq yuk kemasini qurishni rejalashtirayotgani haqida hisobot bergan edi.
Keyin dekabr oyida Ashxobod OPEK (Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti) fondidan dengiz savdo flotini rivojlantirish uchun 45 million dollar kredit olishi ma’lum bo‘ldi. Xususan, uchta kema qurilishi rejalashtirilgan: quruq yuk tashuvchi kema, yo‘lovchi tashuvchi kema va temir yo‘l yuklarini tashuvchi kema.
Yangi dengiz porti, shuningdek, Turkmanboshi shahridagi “Bolqon” kemasozlik zavodi 2018-yilning may oyida foydalanishga topshirilgan. Ularning qurilishi 1,5 milliard dollarga tushgan. O‘shanda zavod quvvati yiliga 4—6 ta kema qurishga yetar ekani ma’lum qilingandi. Ayni paytgacha “Bolqon”da bitta ham kema ishlab chiqarilmagan.
Izoh (0)