Namangan viloyatida moddiy manfaatdorlik evaziga noqonuniy diniy saboq berish holatlari aniqlandi.

Keltirilishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida yashirin “hujralar” tashkil etib, diniy ta’lim berish yo‘li bilan noqonuniy daromad topayotganlarning qilmishlari fosh etildi.
Jumladan, Namangan shahrining Baliqchi ko‘chasida yashovchi fuqaro ko‘p qavatli uylarning birida 15 nafar shaxsga diniy saboq bergan bo‘lsa, “Ma’rifat” mahallasida yashovchi ayol o‘z xonadonida 14 nafar voyaga yetmagan bolaga diniy o‘qish tashkil etib, ularning har biridan oyiga 1,5 million so‘mdan pul olib kelgan.
Yangi Namangan tumanida qayd etilgan holatda esa fuqaro yashirin “hujra”da 10 nafar voyaga yetmagan qizlarga va 3 nafar fuqaroga diniy ta’lim berib kelgan.

Ayni shu kabi holat Uychi tumanida ham kuzatilib, unda 48 yoshli fuqaro o‘z uyida voyaga yetmagan bolalarni to‘plab, moddiy manfaat evaziga diniy saboq berish bilan shug‘ullangan.
Ta’kidlanishicha, bunday qonunbuzarliklar To‘raqo‘rg‘on va Namangan tumanlarida yashovchi 2 nafar shaxs tomonidan ham sodir etilgan.
Qilmishlari fosh bo‘lgan barcha fuqarolar hamda bolalarni tarbiyalash majburiyatlarini bajarmagan ota-onalarga nisbatan amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan choralar ko‘rildi.
DXX Surxondaryo viloyati Boysun tumanida hujra tashkil qilib, bolalarni qiynoqqa solib kelgan yigit qo‘lga olinganini ham xabar qilgandi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda qamoqqa olingan. Farg‘ona viloyatining Yozyovon, Qo‘shtepa, Dang‘ara, Farg‘ona tumanlarida ham bolalarga hujra sharoitida noqonuniy diniy saboq berganlar qo‘lga tushgandi.
Izoh (0)