AQSH sudi 2021-yilning yanvarida Kapitoliyga hujumda ishtirok etgan Gay Reffitni yetti yil-u uch oyga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda CNN xabar bermoqda.
Prokurorlar Reffitga 15 yillik qamoq jazosini talab qilgan. Ayblovga ko‘ra, u olomonni politsiyani yorib o‘tib, zinapoya orqali binoga yugurishga undagan, shuningdek, Kapitoliyga tutash hududga o‘qotar qurol olib kirgan. Uyga qaytgach, uni FQBga tutib bermaslikni aytib farzandlariga tahdid qilgan.
Reffittning advokatlari uning o‘zi Kapitoliy binosiga kirmaganini ta’kidladi, shuningdek, u 2019-yilda ishidan ayrilgani va shuning uchun tushkunlikda bo‘lganini ma’lum qildi. Himoyachi ikki yillik qamoq jazosini so‘radi.
Reffit Kapitoliyga bostirib kirish ishida ayblanuvchilarning birinchisi bo‘lgan, u tergov bilan kelishuvga erishmagan.
Bunga qadar Kapitoliyga hujum uchun maksimal jazo besh yillik qamoq bo‘lgandi.
Ish bo‘yicha jami yetti yuzdan ortiq odam ayblanmoqda. Ularning o‘nga yaqini allaqachon turli darajada qamoq jazolarini olgan.
Eslatib o‘tamiz, 6-yanvar kuni AQSh Kongressi a’zolari Donald Trampning prezidentlik saylovlarida mag‘lub bo‘lganini tasdiqlash uchun yig‘ilgan vaqtda Trampning tarafdorlari Kongressga bostirib kirgan. Politsiya bir necha soat o‘tibgina namoyishchilarni Kapitoliydan haydab chiqarishga muvaffaq bo‘lgan. Huquq-tartibot organlari xodimlari o‘qotar qurol, dubinka, ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalangan. Kapitoliyning xavfsizlik xodimi bilan birgalikda, besh kishi halok bo‘lgan.
Izoh (0)