Dunyoning 23-raketkasi Yelena Ribakina “Uimbldon” finalida 2-raketka Ons Jaber ustidan g‘alaba qozonib, chempionga aylandi.
23 yoshli Ribakina “Ulkan Toj”da g‘alaba qozongan birinchi Qozog‘iston vakili hisoblanadi. Asli moskvalik bo‘lgan Yelena 2018-yilda fuqaroligini o‘zgartirgan.
Qozog‘istonlik tennischining “Uimbldon”dagi g‘alabasi Rossiya ijtimoiy tarmoqlarida ko‘plab sharhlarga sabab bo‘ldi, u yerda foydalanuvchilar asosan rossiyalik sportchilarga xalqaro musobaqalarda ishtirok etishga ruxsat berilmayotgan bo‘lsa-da, ular qatnashish va hatto g‘alaba qozonish yo‘llarini topmoqda, deb yozmoqda.
Bu izohlarga rossiyalik teleboshlovchi va jurnalist Kseniya Sobchak javob berdi va bu Rossiyaning emas, Qozog‘istonning g‘alabasi ekanini ta’kidladi: “Bu, shubhasiz, Qozog‘istonning g‘alabasi, Rossiyaning emas. Xushomad qilish shartmas. Rossiyada unga hech kim yo‘l bermadi, uning salohiyati yuzaga chiqarilmadi. Aynan Qozog‘iston unga g‘alaba qozonish imkoniyatini taqdim etdi”.
Chempionligi haqida gapirgan Ribakina, uning muvaffaqiyati siyosiy bahslarga sabab bo‘lishini, biroq u Qozog‘iston terma jamoasi safida o‘ynayotganini ta’kidladi.
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Yelena Ribakinani g‘alabasi bilan tabrikladi, deya xabar beradi Tengrinews.
Izoh (0)