Joriy yil avgust oyi uchun pensiya va nafaqa to‘lovlari banklarga to‘liq o‘tkazib berildi. Bu haqda Pensiya jamg‘armasi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, joriy oy uchun O‘zbekistondagi jami 721 ming fuqaroga 721,3 milliard so‘m nafaqa pullari to‘langan. Shundan 602,2 ming kishi (82,8 foiz) nafaqasini naqd pulsiz shaklda, bank kartalariga qabul qilib olgan.
“Amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq, nafaqa pullarini naqd shaklda oluvchilarga joriy oy to‘lovlari Xalq bankining sayyor kassalari tomonidan yetkazib berilayotganini maʼlum qilamiz”, deyiladi Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabarida.
Shu bilan birga, avgust oyi uchun pensiya to‘lovlari ham naqdsiz shaklda oluvchilarga to‘liq to‘langani xabar qilingan.
“Pensiya jamg‘armasi tomonidan to‘lov ro‘yxatlariga kiritilgan 4,2 million nafar pensiya oluvchilar uchun talab etilgan mablag‘lar tijorat banklariga moliyalashtirilib berildi”, deyiladi manbada.
Qayd etilishicha, pensionerlarning 3,6 million nafari (85 foiz) to‘lovlarni naqd pulsiz shaklda qabul qilmoqda. Naqd pullar esa tasdiqlangan grafiklarga asosan yetkazib berilishi bildirilgan. Biroq umumiy to‘lov miqdori ochiqlanmagan. Lekin masalan, may oyi uchun 4,1 million nafar pensionerga jami 6 trillion 57 milliard so‘m to‘lab berilgandi.
Avvalroq maʼlum qilinganidek, Pensiya jamg‘armasi ro‘yxati mamlakatdagi jami pensionerlar sonini ifodalamaydi. O‘zbekistonda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tuzilmalaridan pensiyaga chiqqanlar hisobi va to‘lovlari alohida yuritiladi. Va ularning soni va qancha pensiya olayotgani yopiq maʼlumot sifatida qaraladi.
So‘ngi yillarda davlat byudjetidan ijtimoiy nafaqalar, moddiy yordam va kompensatsiyalar uchun to‘lovlar kamayib bormoqda. Masalan, mazkur yo‘nalishga 2025-yil I yarmida 6,5 trillion so‘m ajratildi. Taqqoslash uchun, 2024-yil mos davrida bu maqsadga 8 trillion so‘m yo‘naltirilgan.
Joriy yilda nafaqalar, moddiy yordam va aholiga boshqa imtiyozli to‘lovlar uchun 17,4 trillion so‘m ajratilishi kutilmoqda. 2026-yilda bu raqam qariyb 900 milliard so‘mga qisqartirilib, jami 16,5 trillion so‘m to‘lanadi.
2023-yil noyabrda eʼlon qilingan 2024—2026-yillarga mo‘ljallangan Byudjetnomada yuqoridagidan farqli kutilmalar berilgandi. Yaʼni 2025-yilda nafaqalar, moddiy yordam va kompensatsiya to‘lovlari uchun byudjetdan 22,2 trillion so‘m, 2026-yilga borib esa 24 trillion so‘m to‘lanishi ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)