Angliyada qarg‘a singan qanotini davolagan veterinarga qaytib kelgani haqida Independent xabar bermoqda.

Yo‘lovchilardan biri tomonidan topilgan, qanoti singan qush Portsmutdagi veterinariya klinikasiga, doktor Jastin Lavrijga olib kelingan. Rentgen tekshiruvi qanot singanini tasdiqlagan, biroq shifokor to‘g‘ri parvarish bilan qush bir necha hafta ichida tuzalishi mumkinligini aniqlagan. Veterinar qarg‘ani reabilitatsiya uchun uyga olib ketishdan oldin qallig‘i bilan maslahatlashgan.
“Qarg‘ani uyga olib kelsam bo‘ladimi, deb qallig‘im Salliga qo‘ng‘iroq qildim. Ammo uning “ha” deyishini bilardim - ikkalamiz ham hayvonlarni yaxshi ko‘ramiz”, deya eslaydi u.

Qushga ko‘pincha qarg‘a qiyofasida tasvirlanadigan kelt urush ma’budasi sharafiga Morrigan deb nom berilgan. Patli bemorni oziqlantirishda veterinar hasharotlar, yeryong‘oq, pomidor va chernika aralashmasidan iborat muvozanatli ratsion tayyorlagan. Shu bilan birga haddan tashqari ovqatlanishning oldini olish uchun porsiyalar miqdori qattiq nazorat qilingan.
Ikki haftadan so‘ng qush butunlay sog‘ayib, bog‘ga qo‘yib yuborilgan. Biroq, veterinar uchun kutilmaganda, Morrigan o‘z qutqaruvchisini ko‘rgani uning uyiga uchib kelishni davom ettirgan.
“Qarg‘alarning aql-idroki primatlarnikiga tenglashishi haqida ko‘plab dalillar mavjud”, dedi Lavrij.
Izoh (0)