Andijon viloyati Izboskan tumani IIB vaqtincha saqlash hibsxonasining 6 nafar xodimi ish faoliyatidagi kamchiliklar sabab jazolandi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, 2025-yil martda ombudsmanning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili Izboskan tumani IIB vaqtincha saqlash hibsxonasidagi sharoitlarni o‘rgangan. Jarayonda qator kamchiliklar aniqlagan.
“Hibsxonada sanitariya-gigiyena va moddiy-texnik taʼminotga oid jiddiy kamchiliklar, kanalizatsiya tizimi bilan bog‘liq muammolar borligi va ayrim mahbuslarni majburiy mehnatga jalb qilish holatlari qayd etilgan. Ombudsman tomonidan ushbu holatlar bo‘yicha Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga kamchiliklarni bartaraf etish va shu kabi holatlar takrorlanmasligi uchun tegishli choralar ko‘rilishini so‘radi”, deyiladi manbada.
Monitoring yakunlariga ko‘ra, olti nafar xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan va ularga intizomiy choralar qo‘llanilgan. Jumladan, bir nafar xodim Intizomiy kengash muhokamasiga qo‘yilgan, ikki nafariga tanbeh, ikki nafariga esa hayfsan intizomiy jazolari berilgan. Vaqtincha saqlash hibsxonasi rahbari esa Ichki ishlar organlaridan o‘z arizasiga ko‘ra bo‘shatilgan. Hozirda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ishlar boshlangani bildirilgan.
Izoh (0)