So‘nggi bir yil ichida o‘n minglab isroilliklar urushdan qochish maqsadida Isroildagi uylarini tark etishga qaror qilishdi. Ba’zi muhojirlar shu yo‘l bilan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu siyosatiga noroziligini ham bildirmoqda. Bu haqda Euronews nashri xabar bermoqda.

Sintiya eri va farzandlari bilan Isroilni tark etib, Afinaga joylashdi.
“Bunday qaror qabul qilishimning asosiy sababi - bolalarim. Ular dunyodagi barcha bolalar kabi normal bolalikka munosib. Ularning urush haqida tashvishlanishlarini, xavfsiz xonamiz bormi, bombardimon qilinmaymizmi, deb so‘rashlarini va ogohlantirish sirena ovozlarini eshitishlarini istamayman”, deydi isroillik muhandis.
10 mingdan ziyod isroillik Gretsiyaga, yana o‘n minglab kishi Kipr va Portugaliyaga ko‘chib o‘tgan.
Jurnalist Izar Berrining ta’kidlashicha, Isroilda endi demokratiya yo‘q va Binyamin Netanyaxuning jangari hukumati uni Galileyani tark etishga majbur qilgan.
“Men so‘nggi ikki-uch yil ichida barcha namoyishlarda ishtirok etdim. Biroq bundan foyda bo‘lmadi. Ularning mantig‘ini hech narsa to‘xtata olmaydi. Umid qilamanki, qachondir mojaro hal etiladi va murosaga kelinadi”, deydi Berri.
Ashdod portida joylashgan transport kompaniyalardan birining bosh direktori 30 yil ichida birinchi marta bunday ommaviy ko‘chib ketishga duch kelganini bildirgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda 82 mingdan ortiq isroillik mamlakatdan chiqib ketgan. Ularning aksariyati ko‘chmas mulklarini sotib, Gretsiya, Kipr va Portugaliyaga ko‘chib o‘tgan.
Izoh (0)