Dunyo bo‘yicha olti oylikkacha bo‘lgan chaqaloqlarning 52 foizi ona sutisiz katta bo‘lmoqda. Bu haqda JSST va YUNISEF rahbarlari — Ketrin Rassel va Tedros Gebreyesus tomonidan eʼlon qilingan qo‘shma bayonotda maʼlum qilindi.
Butunjahon ona suti bilan oziqlantirish haftaligiga bag‘ishlangan ushbu hisobotda keltirilishicha, hozir dunyo bo‘yicha olti oylikkacha bo‘lgan chaqaloqlarning bor-yo‘g‘i 48 foizi to‘liq emizilmoqda, qolgan qismi esa bundan mosuvo.

Taʼkidlanishicha, baʼzi mamlakatlarda ayollar farzandlarini ko‘krak suti bilan oziqlantirish borasida malakali tibbiy maslahat olish imkoniyatiga ega emas. Ayrimlari esa emizishning chaqaloq va ona salomatligi uchun naqadar muhimligidan bexabar.
Ko‘rsatkichlar esa Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasi tomonidan 2030-yilgacha belgilangan marra — 60 foizdan ancha kam.
Shuningdek, emizikli bolalarni oziqlantirish bo‘yicha o‘quv dasturlarini yo‘lga qo‘ygan mamlakatlar soni ham 20 foizdan oshmaydi. Qator davlatlarda ona suti bilan parvarishlashni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ishlab chiqilmagan. Bu borada doimiy monitoring dasturlari mavjud emas.
JSST va YUNISEF hukumatlar, sog‘liqni saqlash tashkilotlari va boshqa hamkorlarni onalar va chaqaloqlarga ko‘rsatiladigan parvarish, jumladan, emizishni qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini moliyalashtirishga chaqirgan.
2022-yil maʼlumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda har 4 chaqaloqdan faqat bittasi (25 foiz) 6 oygacha faqat ona suti bilan oziqlangan.
Izoh (0)