Qizil armiya va Vermaxt Berlin uchun 1945-yilning 15-martida jang boshladi. Uchinchi reyx tez orada qulashini anglatadigan mazkur voqea ittifoqchi armiyalarda umid uyg‘otdi. Biroq Germaniyaning sharqdagi ittifoqchisi taslim bo‘lish haqida o‘ylamasdi. Yaponiyaliklar mag‘lubiyatdan o‘limni afzal ko‘rardi.

O‘sha yilning birinchi aprelida Qo‘shma Shtatlar Okinavaga desant tushirdi. Qariyb 200 ming harbiy jalb etilgan amaliyot 22-iyunga qadar davom etdi. Hudud bilan yaqindan tanish bo‘lgan, murakkab relyefni o‘z foydasi uchun ishlata olgan yaponlar kuchli qarshilik ko‘rsatdi. Qo‘shma Shtatlar qariyb 50 ming talafot ko‘rdi. Shundan 12 500 nafari halok bo‘lganlar va bedarak ketganlar edi. Bundan tashqari, amerikaliklarning 36 ta kemasi cho‘ktirildi, 763 ta samolyoti esa urib tushirildi.
Talafotlar ko‘lami AQSH rasmiylarini jiddiy o‘ylantirib qo‘ydi. Boisi Yaponiya imperiyasining eng kichik prefekturasi hisoblagan Okinava uchun shuncha talafot berilgan bir vaqtda, Xonsyu, Xokkaydo, Kyusyu va Sikoku kabi asosiy orollarni egallash uchun o‘n, ehtimol yuz minglab amerikalikning qoni to‘kilardi. Shunday qilib, mazkur omil yuz minglab insonlar hayotiga zomin bo‘lgan qadamga turtki berdi.

AQSH ommaviy qirg‘in quroliga qanday ega chiqqandi?
1938-yili nemis olimlari Otto Gan va Fridrix Shtrassman uran yadrosining bo‘linishini kashf etdi. Dunyo ilmiy doiralarida katta rezonans keltirib chiqargan mazkur voqea harbiylar diqqatini ham tortdi. Boisi mazkur yangilikdan ommaviy qirg‘in qurolini yasashda foydalanish mumkin edi.
Buning oqibati nima bilan tugashini yaxshi anglagan fiziklar Albert Eynshteyn va Leo Silard 1939-yili AQSH prezidenti Franklin Ruzveltga xat yo‘llab, yadro zanjir reaksiyasi asosida qurol yaratish mumkinligini bildirishdi. Ular Germaniya allaqachon bu borada ish boshlagan bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Natijada, o‘z xavfsizligidan jiddiy xavotirga tushgan Qo‘shma Shtatlar hukumati atom ustidagi tadqiqotlar uchun mablag‘ ajratdi. 1942-yili Manhettan loyihasi boshlandi. Uni boshqarish vazifasi AQSH armiyasi general-mayori Lesli Grovesga yuklatildi. Ilmiy rahbar sifatida esa mashhur fizik, Kaliforniya universiteti professori Robert Oppengeymer tanlab olindi.

Loyiha uch asosiy bosqichda amalga oshirildi. Uran va plutoniy ishlab chiqarish, eksperimental tadqiqotlar, amaliy ishlab chiqarish hamda sinov jarayonlaridan iborat murakkab zanjir yuz mingdan ziyod olimlar, muhandislar va ishchilarni yagona maqsad ustida birlashtirdi.
Dastlabki sinov 1945-yilning 16-iyulida o‘tkazildi. Tarixdagi ilk atom bombasini testdan o‘tkazish uchun Nyu-Meksikodagi kimsasiz cho‘l tanlab olindi. Natija esa olimlarni hayratga soldi. Bomba 21 kilotonna trotil ekvivalentiga teng ulkan portlash hosil qildi.
Shundan so‘ng AQSH rasmiylari ikkita bomba tayyorlashga buyruq berdi. Ulardan birinchisi “Little Boy” (kichik bolakay) uran, yana biri “Fat Man” (baqaloq erkak) esa plutoniy asosida ishlagan.

Yapon shaharlariga zarba
AQSH, Buyuk Britaniya va Xitoy 1945-yilning 26-iyul kuni Potsdam deklaratsiyasini imzolab, Yaponiyadan taslim bo‘lishni talab qildi. Tokio esa buni rad etdi. Mojaro uchun diplomatik yechim topilmagach, Qo‘shma Shtatlar urushga o‘zi uchun minimal talafot bilan nuqta qo‘yishga qaror qildi. Qolaversa, Yalta konferensiyasidan so‘ng Yaponiyaga qarshi urush ochishga vaʼda bergan Moskvani qo‘rqitib qo‘yish ham lozim edi.
AQSH rasmiylari nishonlarni tanlash uchun maxsus komissiya tuzdi. Ular jarayonda imperiya shaharlarining sanoat imkoniyatlari, aholi soni, geografik joylashuvi va ilgari bombardimon qilinmaganiga alohida diqqat qaratdi. Boisi bu amerikaliklarga bombaning taʼsiri haqida yanada mufassal maʼlumot olish imkonini berar edi.
Dastlabki ro‘yxatda Xirosima, Kokura, Kyoto, Niigata shaharlari bor edi. Biroq AQSH harbiy vaziri Genri Lyuis Stimson Kyotoni ro‘yxatdan o‘chirib tashladi. Boisi uning rafiqasi shahar madaniyatini qadrlagan edi. Shundan so‘ng, komissiya Xirosima va Kokura shaharlarini asosiy, Nagasakini esa zaxira nishon sifatida tanladi.
AQSH prezidenti Garri Truman so‘nggi qarorni qabul qilgach, bombalarni nishonga yetkazish uchun “509th Composite Group” maxsus bombardimonchi eskadroni tuzildi. Muhandislar Boeing B‑29 Superfortress samolyotlarini ushbu maqsad uchun tanlab olishdi. Har ikkala bomba Tinch okeanining Mariana orollarida havo kemalariga yuklandi.

1945-yil, 6-avgust. Yapon xalqi uchun mudhish kun boshlandi. Enola Gay samolyoti quyosh bosh ko‘tarishidan oldinroq Xirosima tomon yo‘l oldi. Yaponiya radarlari mamlakat havo hududi buzib kirilganini ko‘rsatsa-da, havo hujumidan ogohlantirish sirenalari chalinmadi. Boisi bombardimon amaliyotlariga odatda yuzlab samolyotlar jalb etilar, onda-sonda uchrab turadigan uchoqlar esa razvedka uchun xizmat qilardi.
Shu bois fojia insonlar o‘z kundalik turmushi bilan band bir vaqtda yuz berdi. Soat tonggi 08:15 da samolyot bo‘lmasi ochilib, 15 kilotonna quvvatga ega “Little Boy” bombasi tashlandi. U yerdan 600 metr balandlikda portlab, taxminan 80 ming kishini, boshqacha aytganda, shahar aholisining chorak qismini hayotdan olib ketdi. Portlash markazidan 2 km radiusdagi barcha binolar butunlay vayron bo‘ldi. Fojiadan omon qolganlar ham radiatsiya sabab uzoq yashamadi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar jami soni 140 mingdan ortadi.

Xirosimaga zarba amaliyotida Enola Gay bombardimonchisiga The Great Artiste va Necessary Evil samolyotlari ham hamrohlik qildi. Ulardan birinchisi portlash kuchi, zarba to‘lqini va boshqa ko‘rsatkichlarni qayd etib bordi. Ikkinchisi esa ushbu fojiani kino tasmalariga muhrladi.
Xirosima kultepaga aylantirilgach, Yaponiya hukumati yangicha qurolning oqibatlarini baholashga qiynaldi. Vayronalar intensiv bombardimon natijasi deb ishongan harbiylar Qo‘shma Shtatlarda bunday quroldan boshqa yo‘q deb hisoblardi. Shu bois ular janglarni davom ettirishga qaror qildi. Ammo bu yana bir shahar nishonga olinishiga sabab bo‘ldi.

9-avgust kuni havoga ko‘tarilgan Bockscar samolyoti Kokura shahri tomon yo‘l oldi. Ammo yomon ob-havo sabab belgilangan vazifani bajara olmadi. Natijada ekipaj zaxira nishon – Nagasaki tomonga uchdi. Soat 11:02 da shaharliklar ustiga “Fat Man” bombasi tashlandi. Detonator yer sathidan 503 metr balandlikda ishga tushib, 21 kilotonna quvvatdagi portlashni hosil qildi.
Natijada taxminan 40 ming kishi portlashning ilk daqiqalaridayoq qurbon bo‘ldi. Yil oxiriga qadar radiatsiya va jarohatlar sabab qurbonlarning jami soni 70 mingga yetdi. Afsuski, ularning katta qismi tinch aholi, jumladan ayollar va bolalar edi. Bundan tashqari, yirik sanoat markazi hisoblangan shahar ham vayron bo‘ldi.

Bu ham yetmagandek, Nagasakining kuli ko‘kka sovurilishidan bir kun oldin Sovet Ittifoqi Yaponiyaga qarshi urush eʼlon qilgan edi. Bularning bari imperator Hirohitoni taslim bo‘lishga majbur qildi.15-avgust kuni Tokio shartsiz kapitulyatsiya eʼlon qildi, 2-sentyabrda esa rasmiy hujjat imzolandi.
“Eng omadli omadsiz” va qog‘oz laylaklar
Yamaguchi Tsutomu ma’lum va mashhur Mitsubishi kompaniyasi muhandislaridan biri edi. U Xirosimaga atom bombasi tashlangan kuni xizmat safari bilan shaharda bo‘lib turgan. Portlash u turgan hududdan atigi 3 km uzoqlikda yuz berdi. Natijada Yamaguchi kuyish jarohatini oldi, biroq tirik qoldi.

Shundan so‘ng muhandis o‘z shahri Nagasakiga qaytib, boshdan kechirganlarini hikoya qilib berdi. Ammo 9-avgust kuni bu shahar ham ommaviy qirg‘in quroli bilan nishonga olindi. Taassufki, u ikkinchi gal ham tirik qolish baxtiga muyassar bo‘ldi.
Muhandis oilasi bilan osoyishta, 2010-yili saratondan vafot etdi. Bu vaqtda u 93 yoshda edi. Xirosima bilan bog‘liq yana bir hikoya esa, afsuski qayg‘ulidir. U Sadako Sasaki haqida.
Portlash vaqti atigi ikki yosh bo‘lgan qizaloqda oradan 9 yil o‘tib qon saratoni aniqlandi. Boisi u radiatsiya nurlaridan zararlangan edi. Sasaki shifoxonada yotgan vaqti mahalliy afsonaga ixlos qo‘yib, 1000 ta qog‘oz laylakcha yasashga kirishdi. Yapon xalqi eʼtiqodiga ko‘ra kim buni bajarsa, tilaklari amalga oshar edi. U 1955-yili 12 yoshida dunyodan ko‘z yumdi. Ramziy laylakchalarni esa oila aʼzolari va do‘stlari yasab, mingtaga yetkazib qo‘ydi.

Bombalar tashlangan 1945-yili har ikkala shaharda radiatsiya darajasi yuqori edi. Biroq shamol, yomg‘ir va relyef sabab nurlanish uzoq saqlanmadi. Olimlar 1950-yillarda tadqiqot o‘tkazib, Xirosima va Nagasaki yashash uchun xavfsiz degan xulosaga kelishdi. Hozir ularning birinchisida milliondan ortiq, ikkinchisida esa qariyb 400 ming aholi istiqomat qiladi.
Izoh (0)