“Paxtakor” yarim himoyachisi Sardor Rashidov faoliyatini Qatar Yulduzlar Ligasida davom ettiradi. Bu haqda Toshkent klubi xabar berdi.
Xabarda transfer summasi va shartnoma muddati ma’lum qilinmagan. Rashidovni o‘tgan mavsumda 6-o‘rinni egallagan “Umm Salal” o‘z safiga qo‘shib olgan.
Sardorning “Paxtakor” bilan shartnomasi 2022-yilgi mavsum so‘ngiga qadar mo‘ljallangandi.
Eslatib o‘tamiz, 30 yoshli futbolchi 2021-yilning yozida ham “Paxtakor”ni tark etgandi. O‘shanda u Kuvaytning “Kuvayt SK” klubi bilan bir yillik shartnoma imzolagan. Biroq u Kuvayt klubi bilan shartnomani muddatidan bekor qilgandi.
Sardor bungacha “Al-Jaish” (Qatar), “Al-Jazira” (BAA), “Nasional” (Portugaliya) va “Qatar SK” (Qatar) kabi xorij klublarida faoliyat yuritgan. O‘zbekistonda esa u “Paxtakor”dan tashqari “So‘g‘diyona”, “Bunyodkor” va “Lokomotiv” sharafini himoya qilgan.
Rashidov Superliganing 2022-yilgi mavsumida “Paxtakor” safida 9 o‘yin o‘tkazib, 1 ta golga mualliflik qildi.
Izoh (0)