Turkiyada yuqori daromadli ish taklifiga uchib, aldanib qolgan fuqaro O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xabar qildi.

Maʼlum bo‘lishicha, Samarqand viloyatida yashab kelgan va oilaviy nizolardan uzoqlashishni istagan ayolga ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini muvaffaqiyatli tadbirkor sifatida tanitgan turkiyalik shaxs malaka va til bilimi talab qilinmaydigan, yuqori maoshli ish vaʼda qilgan.
Shundan so‘ng, u ayolni ishchi vizasisiz Turkiyaga olib kelgan va yo‘l xarajatlari uchun qarzdorligini aytib, fuqaroning pasportini olib qo‘ygan holda og‘ir sharoitlarda ishlashga majburlamoqchi bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan konsulxonaga kelib tushgan murojaat asosida diplomatik vakolatxona hamda Migratsiya agentligining Turkiyadagi vakilligi tomonidan tezkor choralar ko‘rilgan. Olib borilgan tadbirlar natijasida fuqaro sog‘-omon holda O‘zbekistonga qaytarilgan. Yolg‘on vaʼdalar berib, ayolni aldashga uringan shaxsning harakatlari yuzasidan Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi idoralariga tegishli maʼlumot taqdim etilgan.
Migratsiya agentligi fuqarolarni litsenziyasiz xorijga ishga jo‘natish bilan shug‘ullanayotgan kompaniyalardan ogohlantirgandi.
Izoh (0)