Al-Jaziraga ko‘ra, Isroil hujumlari oqibatida G‘azo sektori bo‘ylab kamida 63 nafar falastinlik halok bo‘lgan. Shu bilan bir vaqtda, Isroil qo‘shinlari G‘azo shahriga chuqurroq kirib bormoqda. Bu xalqaro hamjamiyat tomonidan hududni egallash hamda bir millionga yaqin odamni majburan ko‘chirish rejasining bir qismi sifatida baholanmoqda.

Guvohlar G‘azoning “Sabra” mahallasiga Isroil tanklari kirgani haqida ma’lum qilgan. Hudud “Zeitun” mahallasiga yaqin joylashgan bo‘lib, oxirgi haftalarda muntazam nishonga olinmoqda. Al-Ahli shifoxonasi rasmiylariga ko‘ra, Sabra bombardimonida bir bola halok bo‘lgan.
Xon-Yunis yaqinidagi Asdaa hududi ham nishonga olindi. Isroil artilleriyasi ko‘chirilgan oilalar joylashgan chodirlarga zarba berdi. Natijada 16 kishi, jumladan 6 nafar bola halok bo‘lgan. Bundan tashqari, kun davomida gumanitar yordam izlab chiqqan 22 nafar falastinlik o‘ldirilgan. Ulardan biri Xon-Yunis janubi-sharqidagi “Morag yo‘lagi” yaqinida, yana biri esa Netzarim koridori yonida otib tashlangan.

Ochlikdan o‘limlar
Falastin sog‘liqni saqlash rasmiylariga ko‘ra, oxirgi 24 soat ichida 8 kishi, jumladan, ikki bola ochlikdan vafot etgan. Shu tariqa, urush boshlanganidan beri oziq-ovqat yetishmasligidan halok bo‘lgan g‘azoliklar soni 281 nafarga yetdi, ulardan 114 nafari bolalar.
“Ocharchilik odamlar tanasini tinchgina yemirmoqda, bolalarning yashash huquqini tortib olmoqda, chodirlar va shifoxonalarni kundalik fojia sahnasiga aylantirmoqda”, dedi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari Munir al-Bursh.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti G‘azada rasman ocharchilik e’lon qildi. Bu Yaqin Sharq tarixida ilk bor qayd etilgan holatdir. Mutaxassislarning ogohlantirishicha, yarim milliondan ortiq odam “falokat darajasidagi” ochlik xavfi bilan yuzlashyapti.

BMT Isroilni “insonparvarlik yordamini muntazam to‘sishda” aybladi. Tashkilot bosh kotibi Antoniu Guterrish esa ochlikni “inson qo‘li bilan yaratilgan falokat” deb atadi.
Xalqaro oziq-ovqat xavfsizligi tizimi (IPC) hisobotiga ko‘ra, g‘azoliklarning qariyb chorak qismi, taxminan 514 ming odam ocharchilikda yashayapti. Sentyabr oxiriga borib raqamlar 641 mingga yetishi mumkin.
G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi BMTning ocharchilik haqidagi e’lonini “kechikkan bo‘lsa-da, muhim qadam” deb baholadi.
“Ochlikni atayin uyushtirish genotsid boblaridan biridir. Bu sog‘liqni saqlash va boshqa sektorlarni vayron qilish, ommaviy qirg‘in va avlodlarni yo‘q qilish siyosati bilan birga amalga oshirilmoqda”, deyiladi bayonotda.
BMTning falastinlik qochqinlarga yordam berish agentligi (UNRWA) ishini muntazam qoralab kelgan Isroil 27-maydan boshlab AQSH ko‘magida G‘azo gumanitar jamg‘armasini (GHF) tashkil qildi. Ammo BMT va yirik insonparvarlik tashkilotlari uni noqonuniy deb atab, mustaqillik va betaraflik tamoyillariga zid deb baholadi. Qolaversa, GHF xodimlari yordam olish uchun kelgan falastinliklarga o‘t ochgan holatlar tez-tez kuzatildi.

G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, GHF joriy qilingandan beri 2 076 falastinlik oziq-ovqat uchun navbatda turgan vaqti o‘ldirilgan. 2023-yilning 7-oktyabr sanasidan beri esa G‘azoda 62 600 dan ortiq tinch aholi qurbon bo‘lgan.
Izoh (0)