O‘zbekistonda Silk Avia yangi aviakompaniyasi tashkil etilmoqda. Bu hamyonbop narxlarda ichki havo qatnovlarini ta’minlaydigan aviakompaniya bo‘ladi.
Uzbekistan Airports rahbari Ra’no Jo‘rayeva “Alter Ego”ga bergan intervyusida aviakompaniyani yaratish ishlari haqida gapirib berdi.
Aviakompaniya ochish juda qiyin. Misol uchun, bizga kerak bo‘lgan samolyotlar, ATR 72-600, bozorda deyarli yo‘q, — dedi Jo‘rayeva.
Bularga talab katta, chunki ATR 72-600 mintaqaviy reyslar uchun eng mos keladigan samolyot. Shunga qaramay, samolyotlar topildi.
Ikkinchi savol — uchuvchilar. Ular ham juda oz, lekin biz ularni topdik. Hozir uchuvchilarimizni tayyorlab, Italiyaga o‘qishga yuboramiz, — dedi Jo‘rayeva.
Hal qilinayotgan yana ikkita masala — chiptalarni sotish tizimini yaratish va samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish yo‘lga quyish.
Yangi aviakompaniyani yaratish - bu bir vaqtning o‘zida yig‘ilishi kerak bo‘lgan juda ko‘p turli qismlar, — deya tushuntirdi Jo‘rayeva.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Silk Avia’ning ilk parvozlari 2022-yil sentabr-oktabr oylariga rejalashtirilgan.
ATR 72 — Franko-Italiya ATR konserni tomonidan ishlab chiqarilgan turbovintli o‘rta masofali samolyot. 1300 kmgacha bo‘lgan masofaga 74 tagacha yo‘lovchini tashish uchun mo‘ljallangan.
Avvalroq O‘zbekiston bo‘ylab 40 ga yaqin mahalliy reyslar yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)