Joriy yil yanvar—iyun oylarida O‘zbekistonda ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 57 ming 792 ta korxona 43,8 trln so‘mdan ortiq soliq to‘lagan. Taqqoslash uchun, 2024-yil mos davrida 64 ming 265 korxona jami 19,6 trln so‘m soliq tushumlari keltirgan.

Soliq qo‘mitasi bergan maʼlumotga ko‘ra, 20 ta ishlab chiqarish korxona soliq to‘lovlari qariyb 9,2 trln so‘mni tashkil etgan (o‘tgan yil mos davrida 8,2 trln so‘m). Ularning tovar aylanmasi 91 trln so‘m, foydalangan soliq imtiyozlari miqdori 1,2 trln so‘mdan oshgan.
Mazkur korxonalar quyidagi tur va miqdorlarda soliqlar to‘lagan:
- QQS — 3,2 trln so‘m;
- aksiz solig‘i — 2,2 trln so‘m;
- yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq — 1,1 trln so‘m;
- foyda solig‘i —1 trln so‘m;
- jismoniy shaxslandan olinadigan soliq — 587,6 mlrd so‘m;
- ijtimoiy soliq — 572,9 mlrd so‘m;
- mol-mulk solig‘i — 283,4 mlrd so‘m;
- boshqa soliqlar — 227,1 mlrd so‘m.
Yarim yil ichida ishlab chiqarish sohasida eng ko‘p soliq to‘lagan korxona “O‘zbekneftgaz” AJ bo‘lgan — 1,9 trln so‘m. Keyingi o‘rinlarni “Uzbat” AJ (1,3 trln so‘m) va “Talimarjon IES” AJ (1,3 trln so‘m) egallagan.
Olti oy ichida “Uzavtomotors” AJ (700 mlrd so‘m), “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi” (497,7 mlrd so‘m), “Tashkent tabacco” MCHJ (478 mlrd so‘m), “Coca cola ichimligi” MCHJ (403 mlrd so‘m) ketma-ket yuqori o‘rinlarni band etgan.
“Buxoro neftni qayta ishlash zavodi” MCHJ (398 mlrd so‘m), “Navoiyazot” AJ (384,7 mlrd so‘m) va “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ (271,7 mlrd so‘m) soliq to‘lovlari bo‘yicha oldingi o‘ntalik o‘rinda qayd etilgan.
Avvalroq qo‘mita 2025-yil I yarmida soliq tushumlari miqdori 102,6 trln so‘mni tashkil etganini xabar qilgandi. Mazkur ko‘rsatkich 2024-yil mos davriga (85,8 trln so‘m) nisbatan 20 foizga ko‘p.
Izoh (0)