Yevroparlament deputatlarining katta qismi Yevropa Komissiyasining atom va tabiiy gazni Yevropa Ittifoqining qo‘llab-quvvatlash siyosatiga kiritilgan “barqaror energiya manbalari” deb tasniflash taklifiga qarshi chiqdi.
“Bizga o‘tmishdagi energiyani emas, qayta tiklanadigan energiyani kengaytirish uchun katta sarmoya kerak. “Yashil” bitim atrof-muhit va iqlimga zarar yetkazuvchi, boshqarib bo‘lmaydigan xavflarni keltirib chiqaradigan energiyani moliyalashtirish uchun ishlatilmasligi kerak”, dedi Yevropa parlamentining ikkita tegishli qo‘mitasi a‘zosi va taksonomiya(Yevropa Ittifoqining “yashil” kursi doirasida energiya manbalarini tasniflash tizimlari)ni tartibga solish bo‘yicha ma‘ruzachi Bas Eykhaut.
U atrof-muhit (ENVI), iqtisodiy va valyuta masalalari (ECON) qo‘mitalaridagi seshanba kungi ovoz berish natijalarini sharhladi. “Biz iqlim va inson qadri inqirozi hamda Ukrainadagi urushga duch kelmoqdamiz. Bu Yevropa Ittifoqi zudlik bilan Rossiyaning uran va gazidan mustaqil bo‘lishi kerakligini anglatadi”, - deydi Eykhaut.
Uning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda yetakchi rol o‘ynash va neytral iqlim iqtisodiyotga sarmoya kiritish uchun “oltin standart”ni o‘rnatish imkoniyatiga ega.
Yevrokomissiyasining taklifiga qarshi qo‘mitalar tomonidan qabul qilingan rezolyutsiya Yevroparlamentning iyul oyidagi yalpi majlisida ovozga qo‘yilishi kutilmoqda. “Yashillar” deputatlarni “vakolatli aktni” rad etishga chaqirmoqda. Buning uchun 705 deputatdan 353 nafari qarshi ovoz berishi kerak.
Izoh (0)