Federal jazoni ijro etish xizmati xodimlari rossiyalik muxolifat siyosatchisi Aleksey Navalniyni Vladimir viloyatining Pokrov shahrida joylashgan 2-sonli koloniyadan olib ketdi, deya xabar berdi muxolifat yetakchisining ittifoqchisi Leonid Volkov.
“Aleksey Navalniy koloniyadan olib ketildi. Uni ko‘rgani kelgan advokatni soat 14:00 gacha nazorat-o‘tkazish punktida ushlab turishgan, keyin esa “bunday mahkum bu yerda yo‘q”, deb javob berishgan. Aleksey hozir qayerda va qaysi koloniyaga olib ketilganini bilmaymiz” — degan Volkov.
Navalniyning matbuot kotibi Kira Yarmishning aytishicha, uning ko‘chirilishi haqida uning advokatlari va yaqinlariga oldindan xabar berilmagan.
Uning ta’kidlashicha, mish-mishlarga ko‘ra, ular siyosatchini qattiq rejimdagi IK-6 Melexovo koloniyasiga o‘tkazmoqchi edi, ammo bu qanchalik haqiqatligi noma’lum.
“Nafaqat boshqa koloniyaga o‘tkazish muammosi, qattiq rejimli koloniyaga ko‘chirilishi juda yomon. Biz Alekseyning qayerdaligini bilmasak ham, u allaqachon uni o‘ldirishga harakat qilgan tizim bilan yolg‘iz qoladi. Shuning uchun endi asosiy vazifa uni imkon qadar tezroq topishdir ” — degan Yarmish.
Izoh (0)