Ukrainaga qarshi ikki oylik urush davomida Rossiya Yevropa Ittifoqiga yoqilg‘i sotishdan tushgan daromadni deyarli ikki barobarga oshirdi. Bunday ko‘rsatkichlarga narxlarning keskin o‘sishi hisobiga erishilgan. Bu haqda The Guardian xabar bermoqda.
Narxlarning keskin oshishi va importning qisqarishiga qaramay, Rossiya neft, gaz va ko‘mir eksportidan 62 mlrd yevroga yaqin daromad oldi. Ma’lumotlar Finlyandiya Energiya va toza havo tadqiqotlari markazi (CREA) tomonidan taqdim etilgan.
Ikki oy davomida Rossiyaning Yevropa Ittifoqiga energiya importi hajmi taxminan 44 mlrd yevroni, ya’ni oyiga 22 mlrd yevroni tashkil etdi. O‘tgan yil davomida taqqoslash uchun bu miqdor 140 mlrd yevro, oyiga taxminan 12 mlrd yevrodan bo‘lgan.
Bu sanksiyalar joriy qilinganiga qaramay, Rossiya o‘z pozitsiyasidan foyda ko‘rishda davom etayotganidan dalolat beradi.
Shu ikki oy davomida Germaniya Rossiya yoqilg‘isining eng yirik xaridori bo‘ldi. Germaniya hukumatining ushbu qaramlikdan qutulish ustuvor vazifa ekanligi haqidagi bir necha bor bayonotlariga qaramasdan, mamlakat urushning ikki oyi davomida Rossiyaga taxminan 9 mlrd yevro to‘lagan.
Eng yirik xaridorlar reytingida Italiya va Gollandiya ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallagan. Ikki oy ichida ular Rossiya yoqilg‘isiga mos ravishda 6,8 mlrd yevro va 5,6 mlrd yevro sarfladi.
Avvalroq Yevropa davlatlari Rossiya gazisiz 6 oy davomida yashay olishi haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)