Qirg‘iziston aholisiga 9-may — G‘alaba kuni nishonlash vaqtida Z belgisi tushirilgan harbiy forma va kostyumlarni kiymaslik tavsiya qilindi. Chunki bu “millatlararo nizo qo‘zg‘alishiga turtki bo‘lishi mumkin”. Bu haqda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi saytidagi murojaatda keltirilgan.
“Milliy xavfsizlik organlari karnaval kostyumlarini ijaraga berish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarni millatlararo nizo qo‘zg‘alishiga turtki bo‘lishi mumkin bo‘lgan Z belgisi tushirilgan harbiy forma va kostyumlarni ijaraga bermaslikka, shuningdek, fuqarolarni 9-may — G‘alaba kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan ‘O‘lmas polk’ yurishida bunday formalarni kiymaslikka chaqiradi”, — deyiladi murojaatda.
Shuningdek, idora “millatlararo nizoni qo‘zg‘ashga qaratilgan harakatlarga javobgarlik borligi” haqida ogohlantirgan.
Rossiya Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, Z harfi “G‘alaba uchun”, V esa “Kuch adolatda” va “Vazifa bajariladi” ma’nolarini bildiradi. Dastavval ushbu harflar Ukrainadagi maxsus operatsiyada ishtirok etgan harbiy texnikalarga tushirilgan edi.
Avvalroq Z va V harflaridan, shuningdek, Georgiy lentasidan foydalanish Moldova parlamenti tomonidan ham taqiqlangan. Qonunbuzarlar jarimaga tortiladi. Z ramzi Germaniyaning qator federal hududlaridan taqiqlandi. Bundan tashqari, Estoniya adliya vaziri Maris Lauri ham undan foydalanishni taqiqlashni taklif etgan.
Mavzuga doir:
Izoh (0)